TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston nashri "Mo‘’jizali juma" kuni "Samarqand darvoza"da bo‘lgan xaridorlar bilan bog‘lanib, ularning taassurotlari bilan qiziqib ko‘rdi.
"Nimasini so‘raysiz, "Samarqand darvoza" naq Ippodrom bozorini eslatadi-ya. Butun Toshkent ko‘chib kelganmi, bilmadim, odam juda ko‘p edi", — dedi 9-dekabr kuni arzonroq mahsulot xarid qilish istagida gipermarketda bo‘lgan xaridorlardan biri.
"Reklamaning sehrli kuchi ta’siri bu bilmadim, gipermarket yaqinidagi avtomobil turagohida mashinamni qo‘yishga bo‘sh joy topa olmadi. Bir soat vaqtim mana shu muammoni hal qilish uchun ketdi", — deya shikoyat qildi Anvar ismli xaridor.
Ammo odam ko‘pligi-yu, mashinani qo‘yishga joy topilmagani xamir uchidan patir ekanligi ayon bo‘ldi. Xaridorlardan biri "reklamalarda va’da qilingan 70% chegirmalarni qidiraverib, charchaganini" ma’lum qildi.
"Mahsulotlarga 70% chegirma bo‘ladi. "Skidkasiz" narsani topa olsangiz, u sizga bepul beriladi", deyishganiga ishonib, kelaveribman. Ammo hammasi bekor gap ekan. Do‘konlarning hech biri yangi olib kelingan kolleksiyalarga chegirma qilmagan. Chet eldan keltirilgan buyumlarga 20% chegirma berilgan, xolos. 50% chegirmalar esa O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan "velikan" (katta o‘lchamdagi, demoqchi, tahr.) kiyimlarga! To‘g‘ri, 70% skidka ham bor edi: eng qimmat mahsulotlarga, faqat. Ya’ni o‘sha 70%lik chegirma berilgan bir juft paypoqning narxi — 120 ming so‘m! Bu deyarli eng kam ish haqi baravarida! Boshqalarni bilmadimu, men hayratda qolib, hech narsa xarid qilmay quruq qaytaverdim", — deya o‘z hayratini yashirmadi Dilafro‘z ismli xaridor.
"Erkaklarning yaxshi, sifatli ko‘ylagi 200 ming so‘m! Ayollar ko‘ylaklari esa — sifatlilari 2 milliongacha narxlangan. Yopiray, oddiy aholi uchunmas, shekilli", — deb ta’kidladi xaridorlardan yana biri.
Ammo, yuqorida bildirilgan fikrlarga qaramay, o‘z didiga mos, eng asosiysi, "cho‘ntakbop" mahsulotlarni topganlar ham juda ko‘pchilikni tashkil qilgan. Mana misol uchun, xaridorlardan biri naq bir soat navbatda turib charchaganini yashirmadi.
"Magazin kassalarining oldiga yaqinlashib bo‘lmaydi. Navbat ham "o‘zbekcha". Odamlar qator bo‘lib turishsa-ku, oldi-berdi ham osonroq kechar edi", — deya fikr bildirdi suhbatdosh.
Nima ham derdik, chegirmalar jumasini e’lon qilish g‘oyasining o‘zi hurmatga sazovor. Tashabbuskorlar bu yildagi barcha kamchiliklarni inobatga olgan holda, kelgusi yildagi bu kabi tadbirga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘radilar, degan umiddamiz. Misol uchun, konditsioner, qo‘riqlash xizmati, avtomobil turargohi va qo‘shimcha kassirlar masalasi degandek. Axir, xaridor mamnun bo‘lsa — asosiysi shu emasmi?