TOShKENT, 5 dek — Sputnik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikalari hukumat delegatsiyalari davlat chegarasining avval muvofiqlashtirilgan uchastkalarini amaliy bayon qilishga kirishdi, deb ma’lum qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
28 noyabr-3 dekabr kunlari O‘sh shahrida davlatlararo chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
"Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasining ayrim uchastkalari bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirish davom ettirildi hamda davlat chegarasining avval muvofiqlashtirilgan uchastkalarini amaliy bayon qilishga kirishildi", — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, ikki davlat delegatsiyalarining noyabrda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaradagi 56 uchastkani muvofiqlashtirdi. Vazirlikning ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari bilan Qirg‘izistonning Botken, Jalol-Obod va O‘sh viloyatlari tutashgan hududlarda davlat chegaralarining avval muvofiqlashtirilmagan 14 uchastkasida qo‘shma dala tekshiruvlari va instrumental topografik rasmga olish tadbirlari o‘tkazilgan.
O‘zbekiston TIV sentabr-oktabr oylarida delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha hukumat delegatsiyalari ikki davlat o‘rtasidagi chegaraning 78 uchastkasini o‘rganganini ma’lum qilgandi.
Hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvlari joriy yilning dekabr oyida O‘zbekiston hududida o‘tkaziladi.