TOShKENT, 2 dek — Sputnik. Do‘stlik mavzesidagi 7-uyning birinchi qavatida yashovchilar zina maydonchasiga tashlab ketilgan, tug‘ilganiga hali bir hafta ham bo‘lmagan chaqaloq topib olishdi, deb xabar bermoqda "Novosti Uzbekistana" portali.
29 noyabr kech soat 10larda 4 qavatli uy podyezdida chaqaloq yig‘isi eshitildi. Chaqaloqning yig‘isini birinchi bo‘lib birinchi qavatdagi xonadonlardan biridagi itlar eshitishdi va qattiq hura boshlashdi. Jonivorlarning egalari va ularning qo‘shnilari xonadondan tashqariga chiqishib, zina maydonchasida qora rangli sport sumkasi turganini ko‘rishdi. Ular sumkani ochmaslikka qaror qilishdi va qo‘shni podyezdda yashovchi domkomga qo‘ng‘iroq qilishdi.
Domkom Zoya xola sumkada chaqaloq borligini bilib, hushorlikni ham unutdi va darhol sumkani ochdi. Sumka ichida sovuq va yig‘idan ko‘karib ketgan chaqaloq yotardi.
"Uni ichida tirik go‘dak yotsa nimani kutishim kerak? Muzlab qolsa-chi? Sumkani ochganimizda u ko‘karib ketgan ekan. Bunday sovuq uchun uning usti juda yupqa edi. Chaqaloqda pampers, yupqa yo‘rgak, kolgotka va paypoq bor ekan, eski adolga o‘rab sumkaga solib qo‘yibdi. U bu beton ustida qancha vaqt yotganini bilmaymiz-ku. Uyga olib kirib darhol isitdim. Movut ro‘molga o‘rab, ustiga adol tashladim. Uning yuziga qon yugurib uxlab qoldi. Bechora", — dedi domkom.
Ayol shu zahoti uchastka inspktori va tez yordamga qo‘ng‘iroq qildi. voqea joyiga IIB va prokuratura xodimlari ham yetib kelishdi. Shifokorlar chaqaloqni shahardagi 5-klinik kasalxonasiga olib ketishdi. Tekshiruvda uning sog‘lom ekanligi aniqlandi.
Hushor fuqarolarning aytishlaricha, chaqaloq tug‘ilganiga hali bir hafta ham bo‘lmagan: kindigi oddiy ip bilan bog‘langan bo‘lib hali tushmagandi. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bundan kelib chiqib ona uni tug‘ruqxonada dunyoga keltirmagan degan xulosaga kelishdi. Bu esa uning onasini topishni qiyinlashtiradi. Militsiya xodimlari o‘sha kuni itlar uning izini topishganini, lekin chorrahada izlar yo‘qolganini bildirishdi. Ayol mashinaga o‘tirib ketgan bo‘lishi mumkin. Militsiya xodimlari shu uyda yashovchi fuqarolardan birining mashinasiga o‘rnatilgan kameradagi yozuvdan ham hech narsani aniqlay olishmadi. Ayol uyga boshqa tomondan kelgan. Operativ xodimlar bu mazkur tumanda mana shunday hodisa to‘rtinchi marta yuz berayotganligini aytishdi.
Huquqni muhofaza qilish organlari endi jinoiy javobgarlikka mahkum bo‘lgan onani qidirishmoqda.