TOShKENT, 27 okt — Sputnik. Rossiyalik tadbirkorlar delegatsiyasining Toshkentga tashrifiga bag‘ishlab tashkil qilingan O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumida Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Turdenev bu ikki mamlakatni iqtisodiy va tarixiy jihatdan ko‘p narsa bog‘lab turishini qayd etdi.
U shu yilning noyabridan Chelyabinsk—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi haqida gapirar ekan, bu hududning O‘zbekiston bilan turizm va tadbirkorlik bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi. Elchi ikki davlatning azaliy yaqinligini isbotlash maqsadida qiziq dalil keltirdi.
"Agarda Chelyabinsk shahri gerbiga qarasangiz, unda tuya tasviri tushirilganini ko‘rasiz. Gap shundaki, Chelyabinsk Buyuk ipak yo‘lining Osiyo va Yevropani bog‘lab turadigan tugunlaridan birida joylashgan. O‘sha davrlarda harakat vositasi sifatida odamlar chidamli jonivor bo‘lgan tuyalardan foydalanishgan. Savdogarlar uchun ham eng yaxshi transport vositasi tuya bo‘lgan, shuning uchun chelyabinskliklar tuyani juda qadrlashgan va o‘z gerblarida tuya tasvirini muhrlashgan", — dedi Turdenev.
Sovet davrida gerb o‘zgartirilgan – tuya o‘rniga traktor tasviri qo‘yilgan.
2000 yilda tarixiy gerb asosida shaharning tuya tasviri tushirilgan yangi gerbi tasdiqlandi. Elchining fikricha, bu Rossiya va O‘zbekiston xalqlari hamda tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalar uzoq davrlarga borib taqalishidan dalolat beradi.