TOShKENT, 23 sen — Sputnik. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov insult oqibatida 2016-yil 2-sentabr kuni Toshkent shahrida vafot etdi. Marhum o‘zining ona-shahri Samarqandda musulmon urf-odatlariga ko‘ra dafn etildi.
O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga atab she’r bitdi. She’r matni uz24.uz saytida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga
Bir xabar tarqaldi,
Yarim tun edi,
Go‘yo g‘am seliga botdim, yo‘qoldim.
Kimdir yo‘lboshchidan ayrildik dedi,
Men-chi, aziz do‘stdan ayrilib qoldim.
Kimning xayoliga kelmishdir axir,
Birdan qulab tushsa buyuk bir chinor.
Alam bo‘g‘zimizda achchiq va taxir,
Bu g‘amning na cheki — chegarasi bor.
Ketdi nogahonda aytmay biror so‘z,
Hijron oloviga barchani tashlab.
O‘zbek osmonida so‘ndi cho‘ng yulduz,
Katta-yu kichikning ko‘zini yoshlab.
Biz — noqis bandalar, o‘ylamay goho,
Boshimiz silagan qo‘lni tishladik.
Yuz yillab teskari aylandi dunyo,
O‘z emas, o‘zgalar uchun ishladik.
Biz — ojiz bandalar, anglamay turib,
Birovning zabonin sanadik afzal.
Shu yurt daholarin bilib va ko‘rib,
Begona zotlarga yasadik haykal.
Bosqin tepamizda turar edi zil,
Uni tag-tubidan buzmoq shart edi.
Asriy vayronaning o‘rnida dadil,
Yangicha mamlakat tuzmoq shart edi.
Foniy bu dunyoning baland-pastiga,
Teran nazar tashlab o‘tdi bu Inson.
Millat qadri deya yashab aslida,
Xalqining dardiga bo‘loldi darmon.
Bugun judolik bor gar qalbimizda,
Lekin g‘urur yashar havas qilgulik.
Abadiyat o‘sdi ko‘z oldimizda,
Shundoq yonimizdan o‘tdi Mangulik.
Eslatib o‘tamiz, 16-sentabr kuni O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov sog‘lig‘ini tiklash maqsadida AQShga uchib ketgani haqida xabar qilgan edik. Bu haqda shoir Muhammad Ismoil o‘zining Facebook sahifasida yozgan edi.