Fuqaroning qo‘l yuklari orasida qiymati 19 million so‘mlik sigaret borligi aniqlandi

© Sputnik / Igor Zarembo / Mediabankka o‘tishSigaret qutilari
Sigaret qutilari - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Fuqaro B.Sanayev ham qiymati salkam 10 mln. so‘mlik bo‘lgan 480 quti turli xil sigaretalarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etishni go‘yoki unutib qo‘ygan.

TOShKENT, 14 sen – Sputnik. Toshkent shahar bojxona xizmati xodimlari tomonidan tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirilishiga vaqtida chek qo‘yish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu turdagi qonunbuzarlik holatlarining oldi olinmoqda, deyiladi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati tomonidan.

Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Moskva-Toshkent” yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchilarining qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, chet el fuqarosi G.Lebedevaning (maqoladagi barcha ism shariflar o‘zgartirilgan) qo‘l yuklari orasida noqonuniy ravishda olib kirishga uringan qiymati 19 mln. so‘mlik 950 quti “Parliament” sigaretalari borligi aniqlandi.

Shunga o‘xshash holatda, mazkur yo‘nalish bo‘yicha kirib kelgan poyezd yo‘lovchisi fuqaro B.Sanayev ham qiymati salkam 10 mln. so‘mlik bo‘lgan 480 quti turli xil sigaretalarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etishni go‘yoki unutib qo‘yibdi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

1996 yilning 1-oktabridan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va uning hududiga olib kelinayotgan tamaki mahsulotlarini belgilangan namunadagi aksiz markalari bilan majburiy markalash tartibi joriy etilgan. Mazkur tartiblarga rioya qilmasdan tamaki mahsulotlarini O‘zbekistonga olib kirish, aksiz markalarini yopishtirmagan holda tashish (xalqaro tranzitdan tashqari), saqlash va sotish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1861-moddasiga binoan etil spirti, alkogolli va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish ancha miqdorda yohud shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yohud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yangiliklar lentasi
0