TOShKENT, 8 sen — Sputnik. "Juma kuni BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov hayotdan ko‘z yumganidan chuqur qayg‘uga botganini bayon qildi. Shu munosabat bilan u o‘z bayonotida marhumning oilasiga, O‘zbekiston hukumati va xalqiga hamdardlik izhor etdi", deya xabar beradi tashkilot Yangiliklar markaziga tayangan holda "Jahon" AA.
Mazkur xabarda ta’kidlanishicha, BMT Bosh kotibi O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasidagi mustahkam sheriklikning mustahkamlanishi, mintaqaviy va global miqyosdagi tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan respublikaning birinchi Prezidenti tomonidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlarni yuqori baholagan.
"2009-yili qonuniy kuchga kirgan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zonani barpo etish to‘g‘risidagi Shartnomani Islom Karimov faollik bilan ilgari surdi. Bosh kotib O‘zbekiston hukumati va xalqi bilan bundan keyin ham yaqindan hamkorlik qilishga BMT tayyor ekanligini tasdiqladi", deya qayd etiladi mazkur xabarda.