TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Samarqandga tashrif buyurgan Rossiya prezidenti O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi.
"Men uchun shaxsan, bu haqda kechagina Xitoyda bo‘lganimda ham aytgan edim, so‘nggi yillarda Islom Abdug‘aniyevich Karimov bilan yaxshi shaxsiy munosabatlar, ya’ni ishonchli deyish ham mumkin, o‘rnatilgan edi. Shu bois, bu men uchun ham og‘ir musibat, katta yo‘qotish", — dedi Putin O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda.
Rossiya prezidenti O‘zbekiston Bosh vaziriga Samarqandni va mamlakatning birinchi prezidenti qabrini ziyorat qilishga sharoit yaratib bergani uchun minnatdorlik izhor etdi.
"Islom Karimov o‘z mamlakati va o‘z xalqi uchun juda ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Gap faqatgina barqarorlikda ham emas, garchi bu har qanday gullab-yashnayotgan davlat, har qanday xalq asosi bo‘lsa-da, eng muhimi, Islom Karimov bu ishlarni mamlakat uchun eng murakkab davrlarda amalga oshira oldi", — deya ta’kidladi Vladimir Putin.