Ijtimoiy fikr: O‘zbek xalqi Islom Karimov bilan

Obuna bo‘lish
Yurtboshimiz, millatimiz yetakchisi - Prezidentimiz betobligi haqidagi xabarni eshitgan kunimdan boshlab, ko‘nglimga hech narsa sig‘may qoldi. Bu hodisa, nafaqat men, balki butun millat ko‘nglidagi yashirin hislarni yuzaga chiqardi.

TOShKENT, 1 sen — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Bugun O‘zbekiston o‘z istiqlolining 25-yillik yubileyini nishonlamoqda. O‘zbek xalqi 25-yil ichida birinchi marta Millat otasisiz kutib oldi bu bayramni…

Sputnik O‘zbekiston tahririyatiga shu kunlarda Prezidentga shifo tilab yo‘llangan maktublar juda ko‘p bo‘ldi; ularning hech birini shunchaki o‘qiy olmadim…

"Tarixga bo‘ylasak millatin nomin

Olamga taratgan o‘zbeklar bisyor!

Lek bizning zamonda yurtimiz sha’nin

Yurtboshidan yuksak ko‘targan kim bor?

O‘ylang axir, bo‘yin egmay qulikka,

Kim buzdi biz bandi yotgan qafasni?

Bizlarni kim eltdi mustaqillikka?

Xudo yorlaqagan shu zod emasmu?

Bu jur’at oldida o‘rmonda qolgan

Do‘stlari nurga zor o‘ltirgan nafas

O‘z qalbin sug‘urib mash’ala qilgan

Dankoning jur’ati hech narsa emas!

Ha, oson kelmagan xurlik ayyyomi,

Uyquda edik bu kunga yetguncha…

Millatin uyg‘otgan siymoning nomi

"Istiqlol so‘ziga egiz tushguncha… (Ziyovuddin Mansur)

Xullas, ijtimoiy tarmoqlarni "yorib" yuborgan dil izhorlari va istaklarning ham hanuzgacha keti uzilgani yo‘q.

Ochig‘i, bunday bo‘lishini hech kim kutmagandi: butun o‘zbek xalqining shu kunlardagi yagona orzusi, tilagi, istagi — Yurtboshimizning salomatligi bo‘ldi.

Islom Karimov - Sputnik O‘zbekiston
Islom Karimovga tilak: Yurtboshimiz to‘rt muchasin but qil yana!

Hatto "Odnoklassniki" ijtimoiy tarmog‘idagi yillab gaplashmagan(!) sinfdoshlarim menga maktub yo‘llab, salomdan keyin bergan birinchi savollari Yurtboshimiz haqida bo‘ldi — O‘zbekistonni tark etganiga qaramay, ular bugun butun o‘zbek xalqiga qo‘shilib, Prezidentimiz uchun uchun qayg‘urmoqda!

Tahririyatimizga maktub yo‘llab, ijtimoiy tarmoqlarda menga bir xildagi savol bilan murojaat etganlarga "Yurtboshimiz tez orada sog‘ayib ketadilar, hali u kishi bilan birgalikda takror bayram qilamiz!", — deya tasalli bergim keladi…  

Endi bilsam, nashrimiz tomonidan "Islom Karimovsiz Mustaqillik bayrami nishonlanishiga qanday fikrdasiz?", deya o‘tkazilgan so‘rovnomaga hojat ham yo‘q ekan.

Chunki O‘zbek xalqi o‘z Prezidentini chin dildan sevishini so‘rovnomasiz ham ko‘rsatib bo‘ldi.

…Tong sahar qo‘limga telefonni olib eng yaqin insonlarimga bayram tilaklarimni yo‘llamoqchi bo‘ldim. Jurnalistligim sabab mendan antiqa tabriklarni kutadigan yaqinlarimni bu gal xursand qila olmadim. Ularga Prezidentimizning har shodiyonada takrorlaydigan bir jumlasini yubordim, xolos: "Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!"

Yangiliklar lentasi
0