TOShKENT, 13-iyul – Sputnik. AQShning Targ‘ibot xizmati boshqaruvchilar kengashi (Broadcasting Board of Governors, BBG) raisi Jeffri Shellga Rossiya hududiga kirish bir umrga ta’qiqlandi.
Jeffri Shell Rossiya chegarasiga 12-iyul, seshanba kuni, soat 23:30 da yetib kelgan. Migratsiya xizmati nazoratidan o‘tayotgan vaqtida AQShlik xizmatchini to‘xtatib, alohida xonada kutib turishni so‘rashgan. Keyin unga Rossiya hududiga kirish bir umrga ta’qiqlanganligini xabar berishgan.
“Shellning pasport va vizasi bo‘lishiga qaramasdan, Rossiyaga kirishni ta’qiqlashgan. Alohida xonada bir necha soat kutib turganidan keyin uni Amsterdamga uchayotgan samolyotga mindirib yuborishgan”, — deyilgan BBG kengashi tarqatgan xabarda.
Shellga yoki Kengashga Rossiya rasmiylari buning sababini tushuntirmagan.
Eslatib o‘tamiz, AQShning Targ‘ibot xizmati boshqaruchilar kengashi (Broadcasting Board of Governors, BBG) “Amerika ovozi”, “Ozodlik radiosi”, “Ozod Yevropa radiosi” va dunyoning turli mamalkatlarida boshqa minglab OAVlari faoliyatini ta’minlab turadi.