Turk harbiylari Istambuldagi teraktdan so‘ng 200ga yaqin jangarilarni yo‘q qildi

Obuna bo‘lish

TOShKENT, 14 yanv  — Sputnik.  Istambulda yuz bergan portlashdan so‘ng Turkiya harbiy kuchlari tomonidan 200ga yaqin “Islom davlati” terrorchilik uyushmasi a’zolari yo‘q qilindi, deb xabar qildi bugun Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘li.

Istambul yaqinidagi Sultonahmad tumani markaziy maydonida seshanba kuni kuchli portlash yuz bergan edi. Ma’lumotlarga qaraganda, terakt sodir etilgan vaqtda maydonda bir guruh chet ellik sayyohlar bo‘lgan. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, o‘n kishi halok bo‘lgan, 17 kishi jarohat olgan. Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on portlash Suriyalik kamikadze-terrorchi tomonidan amalga oshirilgani haqida rasman e’lon qildi. Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘li esa terrorchi “ID” terrorchilik uyushmasi a’zosi ekanligini ta’kidladi.

"Istambuldagi terakt ortida “Islom Davlati” turgani ma’lum bo‘lgach, qurolli kuchlarimizga tegishli ko‘rsatmalar berilgan edi. Ro‘y bergan voqeadan 48 soat o‘tib, harbiylarimiz Suriya va Iroqdagi “ID” terrorchilari pozitsiyalariga hujum uyushtirdilar. Tank va artilleriyalardan 500 marotaba o‘q otish amalga oshirildi. “Islom davlati”ning 200ga yaqin jangarilari yo‘q qilindi. Ular orasida terrorchilar boshliqlari ham bo‘lgan", — dedi Dovuto‘g‘li to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda chiqishi vaqtida. Bosh vazir chiqishi NTV telekanali tomonidan namoyish qilingan.

Yangiliklar lentasi
0