TOShKENT, 1-may — Sputnik. Amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju hamda da’vogar, o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov o‘rtasidagi shaxmat toji uchun bahs bahs 2026-yilning 23-noyabridan 17-dekabriga qadar bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) xabar berdi.
Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni, tadbirning umumiy budjeti esa 8,5 million dollarga baholanmoqda. Tadbirga mezbonlik qilish uchun arizalar 31-maygacha qabul qilinadi. O‘yin reglamenti 2026-yil 1-iyulgacha tasdiqlanishi kerak bo‘lib, u odatda 14 ta partiyadan iborat bo‘ladi. G‘olib deb topilish uchun 7,5 ochko jamg‘arish kifoya.
Agar ishtirokchilardan biri bu natijaga avvalroq erishsa, bahs muddatidan oldin yakunlanadi. Hisob 7:7 ko‘rinishini olsa, g‘olibni aniqlash uchun tay-breyk o‘ynaladi.
Jahon chempioni Dommaraju 2024-yil dekabr oyida Singapurda bo‘lib o‘tgan bahsning 14-partiyasida xitoylik Ding Lijenni mag‘lub etib, bu unvonga ega chiqqan.
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov yaqinda Kiprning Pafos shahrida o‘tkazilgan 2026-yilgi Nomzodlar turnirida muddatidan avval g‘oliblikni qo‘lga kiritib, jahon toji uchun da’vogarga aylangandi.
U musobaqada 14 ochkodan 10 ochko jamg‘arib, birorta ham mag‘lubiyatsiz (6 ta g‘alaba va 8 ta durang) natija qayd etib, o‘ziga xos rekord o‘rnatgan.
Bo‘lajak qarama-qarshilik shaxmat tarixidagi jahon chempionligi uchun eng “yosh” bahsga aylanadi – o‘yin boshlanishi arafasida har ikki sportchi ham 20 yoshda bo‘ladi.