TOShKENT, 1-may — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston matbuot markazida "ShHTning 25-yilligi: rivojlanishning keyingi istiqbollari" mavzusida Ostona - Moskva - Minsk - Toshkent - Shanxay videoko‘prigi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston uchun ShHT doirasida transport yo‘laklari, suv resurslari, “yashil” energetika, innovatsiyalar va gumanitar aloqalar muhim ahamiyatga ega. Bu yo‘nalishlarning barchasi o‘zaro bog‘liq bo‘lib, mintaqa barqarorligiga bevosita ta’sir qiladi
Bunday fikrni ekspert sifatida ishtirok etgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Siyosatshunoslik” kafedrasi professori Ra’no Tursunova bildirdi
Uning so‘zlariga ko‘ra, ShHT mamlakatlari sun’iy intellektdan tortib biomuhandislikkacha bo‘lgan innovatsiyalar sohasida jiddiy salohiyatga ega. Umumiy texnologik xabning tashkil etilishi yangi yechimlar almashinuvi va joriy qilinishini tezlashtirishi mumkin.
“O‘zbekiston uchun keyingi muhim jihat bu – transport yo‘laklari. Eslatib o‘taman, dunyoda nafaqat o‘zi dengizga chiqa olmaydigan, balki xuddi shunday mamlakatlar bilan o‘ralgan bor-yo‘g‘i ikkita davlat mavjud – bular Lixtenshteyn va O‘zbekiston. Shu bois transport infratuzilmasini rivojlantirish biz uchun nihoyatda muhimdir. Muhim loyihalardan biri – “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘l yo‘lagi – allaqachon amalga oshirilmoqda. Kelajakda uni Transafg‘on temir yo‘li bilan bog‘lash tashabbusi ham ilgari surildi. Bu esa istiqbolda ShHT doirasida yagona transport tarmog‘ini shakllantirishga imkon beradi”, – dedi Tursunova.
U xalqaro tashkilotlar qo‘llaydigan mexanizmlarni nafaqat kuchaytirish, balki deklarativ bayonotlardan amaliyotga yo‘naltirilgan hamkorlik shakllariga o‘tkazish kerakligini tushunish muhimligini qayd etdi.
“Har birimiz xavfsizlikning yaxlitligi tamoyili ahamiyatini tushunamiz. Biz o‘z mamlakatimiz xavfsizligini boshqa bir davlat hisobiga ta’minlay olmaymiz. Tarixga murojaat qilsak, mintaqamizda "Qo‘shning tinch– sen tinch" degan mashhur maqol bo‘lganini ta’kidlamoqchiman. Bu naql bugun, XXI asrda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan”, - deya ta’kidladi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori.
Batafsil - videoda.