TOShKENT, 1-may — Sputnik. O‘zbekiston qonunchiligida 2026-yil 1-maydan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Quyida asosiylarini keltiramiz.
Aliment bo‘yicha qarzdorligi borlarga yangi cheklovlar
Qonunchilikka ko‘ra, aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etiladi.
Ayrim korxonalar uchun foyda solig‘i pasaytiriladi
Qonunchilikka ko‘ra, patentsiz ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar 2026-yil 1-maydan 2029-yil 1-maygacha foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkasidan 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘laydi.
“Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkaziladi
Qonunchilikka ko‘ra, har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib boriladi. Bunda:
mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi;
ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.
“10 ming qadam piyoda” tajribasi qayta tiklanadi
Qonunchilika ko‘ra, “10 ming qadam piyoda” tajribasi qayta tiklanadi hamda “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
“Yosh ekolog” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi
Quyidagi darajalarda “Yosh ekolog” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi:
maktab o‘quvchilari o‘rtasida III darajali “Yosh ekolog”;
texnikum o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida II darajali “Yosh ekolog”;
xalqaro va mahalliy miqyosda yuqori natijalarga erishgan yoshlar o‘rtasida I darajali “Yosh ekolog”.
Qog‘oz sarfi uchun cheklov joriy qilinadi
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida:
kelgusi 5-yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi;
printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy qilinadi. Bunda umumiy foydalanishdagi ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi;
har oyda 1 marotaba "Qog‘ozsiz bir kun" ekoaksiyasi o‘tkaziladi.
Arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda qator hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi
Xususan:
talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazishda tegishli arxiv muassasasi yoki tashkilot rahbarining tavsiya xati;
mavzuli so‘rovlar to‘g‘risida ma’lumotnoma berishda so‘ralayotgan hujjatning nusxasi.
davlat mulki bo‘lgan arxiv hujjatlari yoki ularning ko‘chirma nusxalari, shuningdek, Milliy arxiv fondining nodavlat qismiga kiritilgan arxiv hujjatlari yoki ularning ko‘chirma nusxalarini O‘zbekistondan tashqariga vaqtincha olib chiqish uchun ruxsatnoma berishda arxiv hujjatlarini tasarrufdan chiqarish yoki bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tkazish shaklini tasdiqlovchi hujjatlar;
tijorat tashkiloti hujjatlarining belgilangan tartibda davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma.
Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi joriy etiladi
Xalqaro dasturlar (“Stent for Life” va “Action Plan for Stroke”) asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi (Milliy dastur) hududlarda bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.
Prezident Virtual qabulxonasiga yuborilgan murojaatlar ustidan nazorat kuchaytiriladi
Prezident Virtual qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha nazorat vaqti rejimi o‘rnatiladi, bunda ko‘rib chiqilishi belgilangan muddatdan o‘tgan murojaatlar ijro uchun avtomatik yuqori turuvchi davlat organiga o‘tadi.
Virtual qabulxona axborot tizimida murojaatlarni qabul qilishda ular “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalariga ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar 3 ish kuni ichida yuqori turuvchi organlar tomonidan qayta o‘rganib chiqiladi.
Tashqi savdoga oid notarif tartibotlarni belgilashning shaffof mexanizmi joriy etiladi
taqiq va cheklovlar reyestri yuritiladi, ularni o‘rnatishdan kamida 3 oy oldin “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida e’lon qilinadi;
vakolatli davlat idoralari, ularning quyi tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan har bir turdagi xizmatlar uchun yig‘imlar (to‘lovlar) miqdori va kalkulyatsiyasi “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida e’lon qilinadi;
mazkur talablarga rioya etilmasdan o‘rnatilgan taqiq va cheklovlar, yig‘imlar ijroga qaratilmaydi.
“Aqlli” migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi
eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 tadan tuman (shahar) migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan, sun’iy intellekt asosidagi “Aqlli” migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi. Bunda:
dastlabki bosqichda “Aqlli” migratsiya shoxobchalarida belgilangan davlat xizmatlari ko‘rsatiladi;
Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘ziga o‘zi ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari kengaytirib boriladi.
Umraga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan endilikda umra ziyoratiga borish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun “Haj va umra yagona portali” orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy etib belgilandi. Ziyoratchilar haqidagi ma’lumotlar portalga kiritilmasdan turib safarlarni tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarda videokuzatuv va domofon o‘rnatish majburiy bo‘ladi
Yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarning loyihalarida har bir podyezd, lift va tutash hududlarga kuzatuv kameralari, kirish eshiklariga esa domofon komplekslari o‘rnatilishi shart.
OTMlar va ilmiy institutlar spin-off korxonalarini tashkil etadi
1 maydan spin-off korxonalar ustav fondidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida muassislarga beriladi va 5-yil davomida davlat ulushini xususiylashtirish man etiladi.
Korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ularning ustav fondidagi davlat ulushi miqdorini o‘zgartirishda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qarorini qabul qilish hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining oldindan roziligini olish talab etilmaydi;