Toshkentdagi tibbiyot va go‘zallik ko‘rgazmalarida Rossiya kompaniyalari nimalarni namoyish etdi?

Ko‘rgazmalarda Rossiya Moskva viloyati, Sankt-Peterburg va Tataristonning jamoaviy stendlari hamda 20 tadan ortiq kompaniyaning individual stendlari bilan taqdim etildi.
Sputnik
TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Toshkentdagi "CAEx Uzbekistan" ko‘rgazmalar majmuasida 28–30 aprel kunlari “Sog‘liqni saqlash — TIHE 2026” va go‘zallik hamda parfumeriya-kosmetika sanoati - "Beauty Uzbekistan 2026" bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar berdi.
Ko‘rgazmalar "Iteca Exhibitions" xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va "ICA Eurasia Group" hamkorligida tashkil etildi. Rossiya unda Moskva viloyati, Sankt-Peterburg va Tataristonning jamoaviy stendlari, shuningdek, 20 tadan ortiq kompaniyaning individual stendlari bilan ishtirok etdi.
“Sog‘liqni saqlash — TIHE 2026” 30-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi diagnostika, laboratoriya, shifoxona, jarrohlik, oftalmologiya, fizioterapiya, reanimatsiya va tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari uchun uskunalar va yechimlarni qamrab oldi.
Ko‘rgazmada Ozarbayjon, Belarus, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, BAA, Rossiya, O‘zbekiston va boshqa davlatlardan 300 tadan ortiq kompaniya va brend ishtirok etdi.
Sankt-Peterburg eksportni qo‘llab-quvvatlash markazi mutaxassisi Yevgeniya Ivashinaning aytishicha, ko‘rgazmada shahardan beshta kompaniya endoskopik uskunalar, trikotaj tibbiy buyumlar, laboratoriya tadqiqotlari uchun reagentlar va gemostatik preparatlarni taqdim etgan.
“Ko‘plab kompaniyalar allaqachon O‘zbekistonda eksport tajribasiga ega. Ular yangi hamkorlar bilan tanishdi, muzokaralar o‘tkazdi va o‘zbekistonlik sheriklar bilan samarali hamkorlikka umid qilamiz”, — dedi u.
Ko‘rgazmada 13 ta mamlakatdan 85 ta debutant kompaniya ham ishtirok etdi. Ulardan biri Moskva viloyatidagi “Metiz ortopediya” kompaniyasidir.
“Bu ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etapmiz. Tashkilot darajasi juda yuqori, foydali aloqalar ko‘p. Kompaniyalar mahsulotlarimizga qiziqish bildirmoqda. Hozirda O‘zbekistondagi kompaniya bilan anatomik poyabzallar yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik qilyapmiz. Qariyb o‘n oydan beri mahsulotlarimizni ushbu quyoshli mamlakatga yuborib kelyapmiz”, — dedi kompaniyaning eksport yo‘nalishi rahbari Vitaliy Derebizov.
TIHE 2026 ko‘rgazmasida Tataristonni beshta kompaniya taqdim etdi. Ular shaxsiy himoya vositalari, qadoqlash materiallari, utilizatsiya konteynerlari, endoxirurgik uskunalar va jarrohlik uchun yoritish uskunalari sohasidagi mahsulotlarini namoyish qildi.
Tatariston Eksportni qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari o‘rinbosari Ayrat Valeyev kompaniyalar O‘zbekiston bozorida ishlash bo‘yicha zarur aloqalar va tushunchaga ega bo‘lganini ta’kidladi.
“Shartnomalar hali imzolanmagan, ammo kelgusida hamkorlik qilish uchun ko‘plab foydali aloqalarni qo‘lga kiritdik”, — dedi u.
"Beauty Uzbekistan 2026" ko‘rgazmasi esa parfumeriya-kosmetika sanoati, estetik tibbiyot, apparat kosmetologiyasi va qarishga qarshi parvarish yo‘nalishlarini qamrab oldi.
Unda Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Koreya Respublikasi va boshqa mamlakatlardan 100 tadan ortiq kompaniya va brend ishtirok etdi.
Ko‘rgazmalar haqida batafsil Sputnik O‘zbekiston videosida tomosha qiling.
UzBuild ko‘rgazmasida Rossiyaning 60 tadan ortiq kompaniyasi ishtirok etadi