TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga jahon ahamiyatiga ega 10 ta nodir artefakt qaytarilmoqda. Bu jarayon Islom sivilizatsiyasi markazi, WOSCU, YeXHT, Art Loss Register, Metropolitan Police Service, Britaniya tuzilmalari va xalqaro ekspertlar hamkorligida amalga oshirildi.
Madaniy boyliklarni qaytarish marosimi Londonda, O‘zbekiston elchixonasida Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro tadbir doirasida bo‘lib o‘tdi.
Qaytarilayotgan buyumlar Markaziy Osiyo tarixining turli davrlariga oid. Ular orasida:
Kushonlar davriga oid haykal boshlari;
qadimgi Termiz va buddaviy san’at bilan bog‘liq topilmalar;
Sug‘d merosiga oid devoriy rasm parchalari;
milodiy II–VIII asrlarga tegishli ashyolar;
Temuriylar davriga oid noyob kenotaf bor.
Mutaxassislarga ko‘ra, ushbu artefaktlar hozirgi O‘zbekiston hududida turli davrlarda kechgan sivilizatsion jarayonlarni o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Toshkentga keltirilgandan so‘ng buyumlar qo‘shimcha o‘rganish, atributsiya va restavratsiya tekshiruvidan o‘tkaziladi. Keyin ular Islom sivilizatsiyasi markazida keng jamoatchilikka namoyish etilishi rejalashtirilgan.