TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Xitoyning yirik kompaniyalari “Yangi Toshkent”da turar joylar qurish hamda O‘zbekistonda logistika xabi, pillachilik klasterlari va qurilsh sohasidagi loyihalarni muhokama qildi.
28 aprel kuni Xitoyning Nankin shahrida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi hamda "SOHO Holding Group" korporatsiyasi va Szansu provinsiyasining 10 ta yirik kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekistonda zamonaviy logistika xabini tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, amaldagi pillachilik klasterlarini kengaytirish hamda Jizzax viloyati va Qoraqalpog‘istonda yangi klasterlar barpo etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, “Yangi Toshkent” hududida zamonaviy turar joy majmualarini bunyod etish rejalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida ushbu tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi birgalikdagi qadamlar kelishib olindi.
Uchrashuvda Szansu provinsiyasining logistika, savdo va pillachilik sohalarida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalari ishtirok etgan.