TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukraina kelajakdagi tinchlik kelishuvi doirasida ayrim hududiy yo‘qotishlarni qabul qilishiga to‘g‘ri kelishi mumkinligini aytdi. U bu ehtimolni Kiyevning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish istiqboli bilan ham bog‘ladi.
Mers Shimoliy Reyn-Vestfaliyadagi Marsberg shahrida gimnaziya o‘quvchilari bilan uchrashuvda Ukraina qachondir o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv, keyin esa Rossiya bilan tinchlik shartnomasini imzolashi mumkinligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday kelishuvdan keyin Ukraina hududining bir qismi mamlakat tarkibida qolmasligi mumkin.
Kansler bu masalani Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istiqboli bilan bog‘lagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev hududiy yon berishni o‘z ichiga olgan kelishuv bo‘yicha referendum o‘tkazishi kerak bo‘lishi mumkin, shundan so‘ng Vladimir Zelenskiy Ukraina aholisiga: "Men sizlarga Yevropaga yo‘l ochdim," deb aytishi mumkin.
Shu bilan birga, Mers Ukrainaning YeIga tez orada kirishini real emas deb baholadi. U 2027 yoki 2028-yilda a’zolik amalga oshmasligini ta’kidlagan.