TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Toshkentda “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali boshlandi. U 6 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilarga o‘z ixtirolari va innovatsion loyihalarini namoyish etish imkonini beradi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar berdi.
Tadbir aviatsiya, agrotexnologiya, mashinasozlik, robototexnika, chip dizayni, yashil energetika, arxitektura va tibbiyot muhandisligi kabi 9 ta yo‘nalishni qamrab olgan. Festival doirasida 34 ta respublika va xalqaro musobaqa hamda amaliy sinovlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ko‘rgazmada muhandislik sohasidagi 19 ta xorijiy va 140 tadan ortiq mahalliy ishlanmalar taqdim etiladi. G‘oliblar pul mukofotlari, qimmatbaho sovg‘alar va yetakchi kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Festival doirasida Toshkentda ShHT xalqaro olimpiadasi ham o‘tkaziladi. U 10 dan ortiq mamlakat yoshlarini birlashtirib, robototexnika, dron texnologiyalari, startap sessiyalari va xakatonlarni qamrab oladi.
Tadbir doirasida “Kelajak muhandislari” ilmiy-ta’lim konsorsiumini tashkil etish bo‘yicha memorandum ham imzolandi. Unga Rossiya va Markaziy Osiyodagi yetakchi oliygohlar kirishi kutilmoqda.