TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Ukraina Mudofaa vazirligi safarbarlik tizimida keskin o‘zgarishlarni, jumladan, bronlashni, ya’ni ayrim xodimlarga frontga chaqiruvdan vaqtincha kechiktirish berish tartibini, deyarli to‘liq bekor qilish variantini muhokama qilmoqda. Bu haqda ukrainalik jurnalist Yuliya Zabelina o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Uning ma’lumoticha, takliflar hali tayyor qonun loyihasi emas, balki muhokama darajasidagi g‘oyalardir.
Zabelinaga ko‘ra, muhokama qilinayotgan variantlardan biri — hozirda bronga ega bo‘lganlarning aksariyatidan ushbu imtiyozni olib tashlash va uni faqat mudofaa sanoatida ishlaydiganlarga qoldirish.
Shuningdek, qochqinlarni qidirish amaliyotini bekor qilish va armiyaga chaqiruvni aniqroq mezonlar asosida — yosh yoki muayan mutaxassislik bo‘yicha tashkil etish g‘oyasi ham bor. Xususan, 25 yoshdan kattalarga ustuvor e’tibor qaratilishi mumkinligi aytilmoqda.
Bu taklif Ukraina ichida ham tanqidlarga sabab bo‘ldi. Oliy Rada deputati Aleksandr Fediyenko bronni ommaviy bekor qilish g‘oyasini shubha ostiga qo‘ydi. U energetiklar, aloqachilar va boshqa muhim sohalar xodimlaridan "bron" olib tashlansa, bu armiyaga ko‘proq odam kelishiga emas, balki erkaklarning mamlakatdan chiqib ketishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
“Bu yerda siyosiy shiorlar va oqibatlarni ajratishni o‘rganish muhim. Ukraina qurolli kuchlarida ko‘proq harbiy xizmatchilar paydo bo‘ladimi? Yoki ular boshqa mamlakatda paydo bo‘ladimi?” — deb yozdi Fediyenko.
Hozirgi tartibga ko‘ra, Ukrainada bronlash mexanizmi harbiy holat davrida ayrim davlat organlari, muhim korxonalar, mudofaa ehtiyojlari uchun ishlaydigan tashkilotlar va boshqa toifalarga nisbatan qo‘llanadi.
Ukraina rasmiylari oxirgi oylarda safarbarlik tizimini isloh qilish haqida bir necha bor gapirgan. Mudofaa vazirligi fevral oyida mobilizatsiya jarayonlarini raqamlashtirish va kompleks islohotlar tayyorlanayotganini bildirgan edi. Shu bilan birga, hukumat ayrim muhim korxonalar uchun 100 foizgacha bronlash imkoniyati ham mavjudligini aytgan.