TOShKENT, 23 apr — Sputnik. Uzcard avtomatik (akseptsiz) yechib olish xizmati qoidalarini o‘zgartirdi. Tizim xabariga ko‘ra, 2026-yil 15-apreldan bunday yechib olishlarda kartada kamida 3 BHM miqdorida mablag‘ saqlanib qoladi. Hozirgi BHM 412 ming so‘m bo‘lgani uchun bu 1 million 236 ming so‘m degani.
Ya’ni endi kredit, bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki boshqa moliyaviy majburiyatlar uchun kartadan pul yechilganda, hisobdagi barcha mablag‘ to‘liq olib qo‘yilmaydi. Yechib olish faqat 1 mln 236 ming so‘mdan ortiq qismi doirasida amalga oshiriladi.
Masalan, kartada 2 mln so‘m bo‘lsa, eng ko‘pi bilan 764 ming so‘m yechilishi mumkin; agar kartada 1 mln 236 ming so‘m yoki undan kam pul bo‘lsa, bunday yechib olish amalga oshmaydi. Bu xulosa UZCARD joriy etgan “3 BHM kamaytirilmaydigan qoldiq” qoidasidan kelib chiqadi.
Uzcard izohicha, avtomatik (akseptsiz) yechib olish mexanizmi odatda karta egasining banklar va boshqa moliyaviy tashkilotlar oldidagi majburiyatlarini, jumladan kreditlar, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va shunga o‘xshash to‘lovlarni so‘ndirish uchun qo‘llaniladi. Yangi tartib ushbu xizmatni foydalanuvchilar uchun “yanada shaffof va tushunarli” qilish maqsadida kiritilgani aytilgan.
Shu bilan birga, UZCARD e’lonida bir istisno ham keltirilgan: mazkur shartlar bank mijozdan olgan, ya’ni uning o‘zi rozilik bildirib, OTP orqali tasdiqlagan karta rekvizitlariga nisbatan qo‘llanilmaydi. Kompaniya ma’lum qilishicha, bank-ishtirokchilar bilan birga zarur texnik yangilanishlar allaqachon joriy qilingan.