TOShKENT, 22 apr — Sputnik. “Rossiya” Milliy markazining “Univermag” loyihasi do‘konlarda kam uchraydigan kichik Rossiya brendlari va hunarmandlarini birlashtiradi. Mahsulotlarning aksariyati ustalar tomonidan qo‘lda yasalgan. Toshkentdagi “INNOPROM” xalqaro sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurganlar asl suvenirlarni xarid qilish imkoniga ega bo‘lishdi.
“Univermag” ko‘rgazmaga Rossiyaning 39 ta hududidan 50 ta ishlab chiqaruvchining mahsulotlarini olib keldi. Ularning barchasi madaniyat, tarix va xalq ruhini aks ettiradi. Bu yerda Gjel chinnisi, Jostovo naqshlari, Orenburg tivit ro‘mollari, Dimkovo o‘yinchoqlari, mualliflik taqinchoqlari, to‘qimachilik va interyer buyumlari, shuningdek, turli oziq-ovqat mahsulotlari ham bor.
Ko‘rgazma uchun maxsus tayyorlangan noyob mahsulotlar alohida e’tibor tortdi. Ular orasida o‘zbekona naqshlar bilan bezatilgan yostiqlar to‘plami ham bor.
Stend savdogarlar makoni uslubida bezatilgan: unda yog‘och elementlar, tabiiy fakturalar va tarixiy savdo yo‘llariga ishora qiluvchi vizual detallardan foydalanilgan. Rus xalq musiqasi esa muhitni yanada boyitgan.
Bu yerda “Rossiya” Milliy markazining bo‘lajak binosi maketini ham tomosha qilish mumkin edi. Bino qurilishi Moskvada 2026-yil mart oyida boshlangan. Uning ochilishi 2029-yilga mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, Sputnik O‘zbekiston “Innoprom” ko‘rgazmasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi.