TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Orol dengizining taqdiri va uning inson xotirasidagi o‘rnini aks ettiruvchi ushbu fotoko‘rgazma zamonaviy fotografiya va tarixiy usullar uyg‘unligida yaratilgan noyob ijodiy loyihadir.
Ko‘rgazmada muallifning Orol dengizi va uning atrofidagi hududga bag‘ishlangan 30 dan ortiq fotosuratlari namoyish etildi. Loyiha orqali nafaqat ekologik fojea, balki bu makonning o‘ziga xos ichki go‘zalligi va ruhiy xotirasi ham yoritib berilgan.
Fotorassom Erik Gurlan o‘z ishlarida XX asr boshlari, taxminan 1920-yillar fotografiya texnikasiga murojaat qilgan. U maxsus tarixiy obyektivlar va “probka bilan suratga olish” usulidan foydalanib, yorug‘likni qo‘lda boshqarish orqali noyob tasvirlar yaratgan. Shuningdek, fotomaterial sifatida AQShdan keltirilgan maxsus emulsiyalar qo‘llangan.
Loyiha Orol dengizi bilan bog‘liq inson taqdiri, vaqt o‘tishi va yo‘qolib borayotgan tabiiy meros haqida chuqur mulohazaga undaydi. Shu bilan birga, ko‘rgazma O‘zbekiston fotografiya san’atining ilk namoyandalaridan biri Xudaybergan Devonov xotirasiga ham bag‘ishlangan.
“Bugun dengiz go‘yo biz bilan xayrlashmoqda. U o‘zining yashirin go‘zallig‘ini ochib bermoqda — deyarli unutilgan va kam esga olinadigan go‘zallikni”.