TOShKENT, 21 apr — Sputnik. AQSh prezidenti Donalmd Tramp Eron bilan mojaroda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha amaldagi kelishuv Vashington vaqti bilan chorshanba kechqurun tugashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar kelishuvga erishilmasa, jangovar harakatlar qayta boshlanishi mumkin.
Tramp, shuningdek, vitse-prezident Jey Di Vens ishtirokidagi AQSh delegatsiyasi Eron bilan muzokaralar uchun Islomobodga yo‘l olganini bildirdi.
Biroq Reuters xabariga ko‘ra, sharqiy vaqt bilan soat 12:00 holatiga kelib, Vens hali ham Vashingtonda bo‘lgan. Shu bilan birga, Tramp Eron delegatsiyasi muzokaralarga keladimi-yo‘qmi, bu unga farqi yo‘qligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u dushanba kuni Eron muzokaralardan bosh tortsa, misli ko‘rilmagan muammolarga duch kelishi bilan tahdid qildi.
Amerika rahbari vaqtinchalik kelishuv uzaytirilishi ehtimoli pastligini aytdi va agar u uzaytirilmasa, Eronga qarshi kuchli zarbalar berilishi mumkinligini bildirdi. U avvalroq Tehron kelishuvni qabul qilmasa, Eronning elektr stansiyalari va ko‘priklariga hujumlar bo‘lishi mumkinligini ham aytgan edi.
Shu bilan birga, Tramp demokratlar uni Eron bilan tezroq kelishuv tuzishga undayotganini, ammo u bunday bosimga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.
Eron esa bu tahdidlarga nisbatan ancha vazmin munosabat bildirdi. Prezident Mas’ud Pezeshkiyon AQShning so‘nggi harakatlari va bayonotlarini konstruktiv emas deb atab, Tehron bosim ostida taslim bo‘lmasligini ta’kidladi.
Tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchining so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning sulhni buzishi, Eron kemalariga hujumlar, tahdidli bayonotlar va qarama-qarshi pozitsiyasi muzokaralarni davom ettirish uchun asosiy to‘siq bo‘lmoqda.
Eron parlamenti spikeri Muhammad Bagir G‘olibof esa Eron tahdidlar ostida AQSh bilan muzokara olib bormasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida Tehron “jang maydonida yangi kartalarni o‘ynash”ga tayyorgarlik ko‘rmoqda.