TOShKENT, 21 apr — Sputnik. “Rosatom” O‘zbekistonlik hamkorlarini Rossiyaning atom shaharlari va ilmiy markazlarida kutmoqda. Bu haqda “Innoprom” doirasida korporatsiya bosh direktori Aleksey Lixachev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday safarlar ilgari Belarus bilan hamkorlik doirasida ham tashkil etilgan.
Shuningdek, u AES qurilishi bilan bir vaqtda barpo etiladigan shaharlar infratuzilmasining o‘ziga xos jihatlari haqida ham gapirdi.
Lixachev Erondagi “Busher” AES vaziyatiga ham to‘xtalib, shunday dedi: "Eng asosiy vazifa — mintaqada tinchlik o‘rnatilishi bilan stansiyani imkon qadar tezroq qayta ishga tushirish, qurilishni qayta boshlash."
Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy harakatlar boshlanganidan beri 600 dan ortiq kishi evakuatsiya qilingan. Maydonda esa faqat ko‘ngillilar qolgan: Busher maydonida 20 kishi, Tehronda esa to‘rt kishi.
"Ularning vazifasi infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash va mahalliy buyurtmachi bilan aloqada bo‘lishdir," — dedi Lixachev.
“Rosatom” bosh direktori Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishlashning afzalliklari haqida ham fikr bildirdi. U mintaqa iqtisodiyotining yuqori sur’atlarda o‘sishi, aholi soni va energiya iste’moli ortib borayotganini qayd etdi. Shuningdek, Lixachev Qozog‘iston va Qirg‘izistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham to‘xtaldi.
"Biz uchun Markaziy Osiyoda ishlash juda qulay," — deya xulosa qildi u.
Lixachev O‘zbekistonda AES qurilishi bilan bir qatorda noenergetik yo‘nalishlar ham rivojlantirilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l xaritasiga muvofiq yadro tibbiyoti, ilmiy tadqiqotlar va qishloq xo‘jaligida qo‘llanadigan zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, u “atomdan ilhomlangan texnologiyalar”, ya’ni yadro sohasida yaratilgan yechimlardan boshqa tarmoqlarda ham foydalanish imkoniyatlarini alohida ta’kidladi. Lixachev additiv texnologiyalarni ham tilga oldi — bu, oddiy qilib aytganda, buyumlarni qatlamma-qatlam yaratishga asoslangan 3D-bosma texnologiyalaridir.
Eslatib o‘tamiz, Sputnik O‘zbekiston “Innoprom” ko‘rgazmasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: “Rosatom” ma’lumotiga ko‘ra, integratsiyalashgan AES loyihasi tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli blok va har biri 55 MVtli RITM-200N reaktorli ikkita blok kiradi. Yanvar oyida kompaniya loyihaning navbatdagi bosqichi sifatida beton ishlarini 2026-yilning birinchi yarmida boshlash rejalashtirilayotganini bildirgan edi.