TOShKENT, 21 apr — Sputnik. “INNOPROM. Markaziy Osiyo” doirasida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi, hududlararo hamkorlik va yangi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar berdi.
Rossiya sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Roman Chekushov O‘zbekistonni Rossiyaning strategik sherigi deb atab, Jizzax va Chirchiqda Rossiya korxonalari ishtirokida sanoat parklari rivojlanib borayotganini, Navoiyda esa yangi ishlab chiqarishga start berilganini ma’lum qildi.
Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Alisher Duschanov Rossiya kompaniyalarining mintaqaga qiziqishi barqaror ekanini ta’kidladi. U “Sibur Xolding” va “Forteks” kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan loyihalarni sanab o‘tdi.
Leningrad viloyati vakili Yegor Misherakov Toshkent viloyati bilan hamkorlik shartnomasi tuzilgani, Samarqand va Qashqadaryo bilan ham yangi kelishuvlar tayyorlanayotganini aytdi. Uning ma’lum qilishicha, o‘tgan yili o‘zaro savdo 88–89 mln dollarni tashkil etgan, bu yil esa uni 150 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Sverdlovsk viloyati tomoni O‘zbekistonni 800 mln dollarlik bozor sifatida baholab, metallurgiya, elektrotexnika, neft-gaz va tog‘-kon uskunalari sohalarida hamkorlik rivojlanayotganini qayd etdi.
Kirov viloyati esa Qashqadaryo viloyati bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolab, sanoat kooperatsiyasi, logistika, oziq-ovqat ta’minoti va kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirishga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, Sputnik O‘zbekiston “Innoprom” ko‘rgazmasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi.