TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda 2026-yil 1-maydan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari 10 foizga oshishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu mavzudagi asosiy savol — gap shunchaki mish-mishlar haqida ketaptimi yoki bunga huquqiy asos bormi.
Amaldagi qonunchilikka murojaat qilinsa, 2025-yilda Lex.uz portalida e’lon qilingan hukumat qaroriga ko‘ra, 2026-yildan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1-maydan yillik inflyatsiyadan kelib chiqqan holda, 10 foizdan oshmagan miqdorda indeksatsiya qilinishi belgilanganini ko‘rish mumkin.
Ammo rasmiy manbalarda 1-maydan tariflar aynan 10 foizga oshishi haqida alohida xabar yoki yangi tarif jadvali uchramadi. Qonunchilikda hozircha faqat indeksatsiya mexanizmi va eng yuqori chegara (10 foiz) belgilangan.
Statistika qo‘mitasining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil mart oyida yillik iste’mol narxlari indeksi 107,1 foizni tashkil etgan. Oddiy qilib aytganda, bu yillik inflyatsiya taxminan 7,1 foiz bo‘lganini anglatadi.
Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlardagi “10 foiz qimmatlaydi” degan da’vo hozircha rasman tasdiqlangan raqam emas, balki qonunda belgilangan eng yuqori chegaradan kelib chiqqan taxmindir.