TOShKENT, 20 apr — Sputnik. O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev “Innoprom” doirasidagi sessiyada tovarlarni raqamli markirovkalash sezilarli iqtisodiy samara berayotganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda markirovkalangan mahsulotlar aylanmasi 16 milliard dollarni tashkil etgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga ko‘pdir. Ishlab chiqarish va import hajmi esa 5,5 milliard donaga yetgan, o‘sish 64 foizni tashkil qilgan.
Zamestitel predsedatelya Nalogovogo komiteta Uzbekistana Alimjan Fayzibayev
© Sputnik
Fayziboyev ta’kidlashicha, soliq intizomi ham yaxshilangan: kassa cheklari soni 40 foizga, ularning umumiy summasi esa 21 foizga oshgan.
“Markirovka nafaqat nazorat vositasiga, balki bozorni qonuniylashtirish va biznes shaffofligini oshirish omiliga ham aylanmoqda”, — dedi u.
Shuningdek, Fayziboyev 1-iyuldan kuchga kiradigan yangi raqamli nazorat qoidalari haqida ham gapirdi. Ular elektron hisobvaraq-fakturalardagi kodlarni real vaqt rejimida tekshirish, kassalardagi qoidabuzarliklarni bloklash, muddati o‘tgan tovarlar sotuvini taqiqlash va barcha kassalarda kodlarni to‘liq tekshirishni nazarda tutadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tizim halol tadbirkorlar uchun jarima mexanizmi emas, balki biznes uchun shaffof va teng shart-sharoit yaratishga qaratilgan.
“Qoidabuzarlik holatlarida avval ikkita ogohlantirish yuboriladi va faqat takroriy holatlardagina soliq tekshiruvi tayinlanishi mumkin”, — dedi Fayziboyev.
Eslatib o‘tamiz, Sputnik O‘zbekiston “Innoprom” ko‘rgazmasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi.