TOShKENT, 20 apr — Sputnik. O‘zbekiston farmatsevtika bozori 25 foizga o‘sib, 72 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Innoprom doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktorining iqtisodiy va moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Shoyadbek Vasiyev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Vasiyevning so‘zlariga ko‘ra, raqamli markirovka bozorni to‘xtatmaydi, aksincha uning o‘sishi va “oqlanishi”ga yordam beradi.
Qayd etilishicha, tizimdagi ishlab chiqaruvchilar soni 157 tadan 850 taga yetgan. “Asl Belgisi”ga barcha 59 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi, 455 ta ulgurji kompaniya, qariyb 1600 ta davlat tibbiyot muassasasi va 7600 ta dorixona ulangan.
Markirovkalangan dori vositalari soni 1500 tadan 12 mingdan oshdi. Dorixonalarda markirovkalangan dori vositalari savdosi 252 million donaga, ulgurji segmentda esa 1,5 milliard donaga yetdi.
Shuningdek, markirovka orqali bozordagi ma’lumotlar ham yangilanib, reyestrdagi 40 mingdan ortiq pozitsiyadan 13,5 mingga yaqini amalda muomalada ekani aniqlangan.
Innopromda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada ham raqamli markirovka noqonuniy savdo ulushini sezilarli qisqartirgan.
Rossiya sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Yekaterina Priyezjevaning so‘zlariga ko‘ra, qadoqlangan suv segmentida noqonuniy aylanma 60 foizga, parfumeriyada 82 foizga, tamaki mahsulotlarida 56 foizga kamaygan.
Bundan tashqari, 2019-yildan beri markirovka tizimi Rossiya budjetiga qariyb 1,8 trillion rubl qo‘shimcha tushum keltirgan. Ikki yil ichida esa 3,3 milliard shubhali tovar bloklangan.
Eslatib o‘tamiz, Sputnik O‘zbekiston “Innoprom” ko‘rgazmasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi.