Yosh oilalarga ipoteka va B2, C1 uchun imtiyozlar: Mirziyoyev yoshlar strategiyasi bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi bilan tanishdi. Unda bandlik, ta’lim, ipoteka va yoshlar faolligini oshirish choralari belgilandi.
Sputnik
TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bu yoshlarga oid qabul qilinayotgan birinchi yaxlit strategiya bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda yoshlarning o‘rni va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.
Bugungi kunda mamlakatning 38 million aholisidan 9,5 millioni, ya’ni qariyb 25 foizi 14–30 yoshdagi yigit-qizlardan iborat. Har yili 270 mingta yosh oila shakllanmoqda.
Taqdimotda 2030-yilgacha erishilishi lozim bo‘lgan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar ko‘rib chiqildi. Jumladan:
har yili 600 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash;
2030 yilgacha 900 ming yoshni volontorlikka jalb etish;
o‘quv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish;
450 ming nafar yoshning xorijiy tillar bilimini B2 darajaga olib chiqish;
yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish;
har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qo‘llab-quvvatlash.
Ta’lim sohasida qator yangi imtiyozlar taklif etilmoqda:
olis va chekka hududlarda o‘quv markazlari tashkil etish uchun 300 million so‘mgacha ssuda ajratish;
ushbu markazlar uchun ijtimoiy soliq hamda o‘qituvchilar daromad solig‘ini 1 foiz etib belgilash;
B2 darajaga erishgan yoshlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish bojini kamaytirish;
C1 darajaga ega yoshlar va tadbirkorlik tashabbuslari uchun ayrim davlat xizmatlari to‘lovlarini 50 foizgacha qisqartirish.
Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ipoteka dasturida kreditning Markaziy bank stavkasi yuqori qismi qoplab berilishi belgilanmoqda.
Ijtimoiy faollikni oshirish bo‘yicha quyidagi choralar rejalashtirilgan:
volontorlik jamg‘armasi hisobidan 100 million so‘mgacha grantlar ajratish;
faol yoshlarni davlat tashkilotlarida pullik amaliyotga jalb qilish;
ilg‘or ijodkorlar uchun Prezident mukofotini joriy etish;
kitob va Book-cafe’lar joylashgan “Yoshlar ko‘chalari”ni tashkil qilish.
Shuningdek, yoshlar infratuzilmasining minimal standartlari belgilanib, har bir hududdan “yoshlar tuman-shaharlari” tanlab olinib, namunaviy tizim yaratiladi.
Sog‘lom turmush va psixologik qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida:
ruhiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar ulushini 40 foizga kamaytirish;
tunu kun ishlaydigan psixologik aloqa markazini tashkil etish;
sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar ulushini 25 foizga oshirish nazarda tutilmoqda.
Yoshlarning ehtiyoj va kutilmalari bo‘yicha ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilib, Milliy yoshlar indeksi shakllantiriladi. Yigit-qizlar murojaatlari bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi, har payshanba yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazib boriladi.
Xalqaro yo‘nalishda esa:
forumlar, global tashabbuslar, avlodlar muloqoti va Xalqaro yoshlar kongressi kabi formatlar yo‘lga qo‘yiladi;
12 avgust — Xalqaro yoshlar kuni doirasida yirik tadbirlar o‘tkaziladi;
100 ming nafar o‘zbekistonlik yoshning xalqaro dasturlarda ishtirokini ta’minlash rejalashtirilgan;
BMT, Jahon banki, YeTTB kabi tuzilmalar bilan “Junior Professional Officer” dasturi doirasida xalqaro tashkilotlarda amaliyot yo‘lga qo‘yiladi.
2026–2027 yillarda strategiya doirasida 7 yo‘nalish bo‘yicha 56 ta loyiha amalga oshiriladi. Xususan, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi orqali Garvard, Stenford, MIT, London biznes maktabi kabi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 20 ming yosh o‘qitilib, 1 mingta biznes loyiha saralab olinadi.
Ularga 3-yilgacha muddatga BHMning 500 baravari (206 mln sum)gacha ssuda ajratish, shuningdek, muhandislik tarmoqlariga ulanish xarajatlarini qisman qoplash tartibi joriy etiladi.
Bundan tashqari, respublika bo‘yicha “O‘zbekiston yoshlarni sevadi!” loyihasi, “Hayot fest” yoshlar festivali, “Talaba Fest” va “Talaba Expo 2026” kabi tadbirlar o‘tkaziladi, Robototexnika assotsiatsiyasi faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi.
Davlat rahbari strategiyani samarali amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” tanlovini o‘tkazish tartibi belgilandi