TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Rossiyaning “Transmashxolding” (TMX) kompaniyasi joriy yilda Chilonzor liniyasini modernizatsiya qilishga kirishdi.
Bu haqda “Transport uchun intellektual tizimlar: qiyinchiliklar va qo‘shma yechimlar” mavzusidagi sessiyada “TMX-Intellektual tizimlar” bosh direktori Andrey Romanchikov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Chilonzor liniyasida boshqaruv tizimi yangilangandan keyin va zamonaviy harakat tarkibi joriy etilgach, Toshkent metropolitenidagi avtomatik tizimlar kelgusi yildan sezilarli samara bera boshlaydi.
“Chilonzor liniyasida boshqaruv tizimi yangilangandan so‘ng, zamonaviy harakatlanuvchi tarkibga ega bo‘lgan holda, Toshkent metropolitenida hosil bo‘ladigan barcha avtomatik tizimlar kelgusi yildan boshlab ulkan samara beradi”, — dedi Romanchikov.
Uning ta’kidlashicha, tizim soatiga 40 juft poyezd harakatiga mo‘ljallangan bo‘lib, poyezdlar orasidagi interval bir yarim daqiqani tashkil etadi.
“Bu juda muhim loyiha. Bu qandaydir o‘ta investitsiyalar emas, balki rejali yangilanishdir. Biz infratuzilmani, harakat tarkibini yangilash kerakligini tushunamiz. Buni Toshkentda bo‘lgani kabi ongli ravishda qilsak, biz keng qamrovli ulkan samaraga erishamiz”, — dedi u.
Romanchikov, shuningdek, TMX O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya harakat tarkibi uchun yetkazib beriladigan qator komponentlarni mahalliylashtirishni, shu jumladan intellektual boshqaruv tizimlari uchun ham O‘zbekistonda ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
“Biz mahalliy ishlab chiqaruvchilarga tayanamiz. Bu yerda juda ko‘p ishlar qilinmoqda. Harakatlanuvchi tarkib uchun ham ko‘plab yetkazib beruvchilar mavjud bo‘lib, ular o‘z komponentlarini O‘zbekistondan yetkazib beradi. Bu biz uchun strategik bozor ekanligini hisobga olib, biz O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan barcha komponentlarni, jumladan, intellektual boshqaruv tizimlari uchun ham mahalliylashtirishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Sputnik O‘zbekiston “Innoprom” ko‘rgazmasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: TMX temir yo‘l va shahar relsli transporti uchun harakat tarkibi ishlab chiqaruvchi Rossiyaning yirik mashinasozlik guruhi hisoblanadi.
“TMX-Intellektual tizimlar” esa xolding tarkibida relsli transport harakatini boshqarish bo‘yicha dasturiy-apparat yechimlarini ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanadi.