TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Ukraina prezidenti ofisi rahbari Kirill Budanov* intervyularida mamlakatda safarbarlik va harbiy ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotganini tan oldi.
"Safarbarlik resursi tugadi. Ko‘p yillar davom etayotgan urushga odamlarni yollash bilan bog‘liq muammolar - bu mutlaqo tabiy jarayon," - dedi u 19-apreldagi intervyusida.
Avvalroq Strana.ua nashrida e’lon qilingan maqolada Budanov* mamlakatning harbiy texnologiyalari va dron ishlab chiqarishi xorijiy butlovchi qismlarga kuchli bog‘liqligini aytganligi yozilgan.
U “Hatto 3D-printer ... bizniki emas” va “Biz foydalanuvchilarmiz, xolos”, degan. Shu bilan birga, u yo‘naltirish tizimlari kabi qator muhim kompetensiyalar yo‘qotilganini, bu esa tank va raketa dasturlariga ham ta’sir qilayotganini aytgan.
Nashrning eslatishicha, dron ishlab chiqaruvchilarning o‘zlari mamlakat rasmiylari noyob texnologiya sifatida taqdim etayotgan Ukraina dronlari aslida "Xitoy konstruktorlari" ekanligini ta’kidlagan.
Bu bayonotlar Ukraina rahbariyati ichida urushni davom ettirish imkoniyatlari va ehtimoliy murosa shartlari haqida bahslar kuchaygani haqidagi muhokamalar fonida yangradi.
Reuters va Bloomberg xabarlariga ko‘ra, Budanov aprel oyida tinchlik kelishuvi sari muayan siljish borligini aytgan, fevral oxirida esa Rossiya tomoni AQSh taklif qilayotgan xavfsizlik kafolatlarini qabul qilishga tayyorligini bildirganini ma’lum qilgan.
Strana.ua ham Kirill Budanov* va Ukrainadagi hukmron "Xalq xizmatchisi" partiyasi fraksiyasi rahbari David Araxamiya Kiyev rejimi rahbarining Donbass masalasidagi pozitsiyasiga qo‘shilmasligi haqida yozgan edi.
"G‘arb ommaviy axborot vositalari va Ukraina siyosiy doiralarida uzoq vaqtdan beri Budanov* va Araxamiya <...>, Zelenskiydan farqli o‘laroq, AQSh va’da qilayotgan xavfsizlik kafolatlari va yirik investitsiyalar evaziga amerikaliklarni tinglash va qo‘shinlarni Donbassdan olib chiqish kerak, deb hisoblayotgani haqida mish-mishlar tarqalmoqda," - deyiladi maqolada.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Budanov* va Araxamiya uzoq davom etgan urush "Ukrainani holdan toydirayotganini va tinchlik shartlari yanada yomonlashishini" tushunishadi.
* Rosfinmonitoring tomonidan ekstremistlar va terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan.