“AQSh hujumida jim edingiz, Ho‘rmuz masalasida xalqaro huquq esga tushdimi?”—YeIga Eron javobi

YeIning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tranzitni erkin saqlash chaqiriqlariga javoban Eron Yevropa ikkiyuzlamachilik qilayotganini bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Bagai Yevropa Ittifoqining Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi haqidagi chaqiriqlariga keskin javob qaytardi.
“O, bu o‘sha "xalqaro huquq"mi? Yevropa Ittifoqi boshqalarga saboq berish uchun changini artayotgan, shu bilan birga AQSh va Isroilning tajovuzkor urushiga jimgina rozilik berib, eronliklarga qarshi vahshiyliklardan ko‘z yumayotgan o‘sha? Va’zxonligingizni to‘xtating”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Bagai shu tariqa Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasning 17-apreldagi bayonotiga javob qaytardi. Avvalroq Kallas xalqaro huquqqa ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tranzit erkin va bepul bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi.
Eron vakilining ta’kidlashicha, xalqaro huquq Tehronga qirg‘oqbo‘yi davlati sifatida bo‘g‘ozdan unga qarshi harbiy tajovuz maqsadida foydalanilishining oldini olish uchun zarur choralar ko‘rishni taqiqlamaydi.
Ayni paytda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron ayrim tanker va tijorat kemalarining cheklangan tartibda o‘tishiga rozi bo‘lgan, biroq AQSh Eronga qatnovchi kemalar uchun ham to‘liq navigatsiya erkinligini ta’minlamagunicha bo‘g‘oz qat’iy nazorat ostida qoladi. 18-aprel kuni Eron uni to‘liq yopgani haqida xabar qilindi.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (KSIR) dengiz kuchlari AQSh dengiz blokadasi bekor qilinmaguncha bu tartib saqlanishini bildirib, bo‘g‘ozga yaqinlashgan har qanday kema “dushman bilan hamkorlik” sifatida baholanishi va zarbaga uchrashi mumkinligidan ogohlantirdi. Tehron, shuningdek, Vashington “maksimalistik” talablaridan voz kechmaguncha vaziyat to‘liq barqarorlashishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda siljish bo‘lishini kutmayotganini ma’lum qildi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi global bozor uchun ham o‘ta muhim nuqta hisoblanadi: u yaqin vaqtgacha jahon neft savdosining taxminan beshdan bir qismi o‘tadigan yo‘lak bo‘lgan.

Eron Qurolli Kuchlari Hormuz bo‘g‘ozi ustidan harbiy nazoratni tikladi