Ispaniya, NATO, Rim papasi va boshqalar: Tramp prezidentligida kimlar bilan janjallashdi?

Tramp Ispaniyani yana tanqid qildi. Bu esa uning ikkinchi muddatida NATO, Vatikan, Kanada va boshqa hamkorlar bilan chiqqan mojarolarini yana eslatdi.
Sputnik
TOShKENT, 19 apr — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp bu safar yana Ispaniyani nishonga oldi. U Truth Social tarmog‘ida mamlakat ahvolini “dahshatli” deb atab, Madridni NATO va o‘z mudofaasiga deyarli hissa qo‘shmayotganlikda aybladi. Bu esa uning ikkinchi muddati davomida turli davlatlar, xalqaro tuzilmalar va xorijiy yetakchilar bilan chiqqan mojarolarini yana eslatdi.
Donald Tramp 2025-yil 20-yanvarda prezident sifatidagi ikkinchi muddatiga kirishdi. Shundan buyon u nafaqat raqib davlatlar, balki Vashingtonning an’anaviy sheriklari, xalqaro tashkilotlar va ayrim boshqa xorijiy yetakchilar bilan ham ochiq ziddiyatlarga kirishdi.
Quyida shuning eng shov-shuvli epizodlari keltiriladi.
1. Ispaniya va Pedro Sanches
Yangi infopovod aynan Ispaniyadan chiqdi. Tramp Madridni yana tanqid qilib, mamlakatning moliyaviy ahvoli yomonligi va NATO hamda mudofaaga yetarlicha hissa qo‘shmayotganini aytdi. Bu birinchi to‘qnashuv emas: mart oyida u Ispaniya AQShga bazalaridan Eronga qarshi zarbalar uchun foydalanishga ruxsat bermaganidan keyin Madrid bilan barcha savdo aloqalarini uzish bilan ham tahdid qilgan edi. AP Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesni Trampning Eronga qarshi hujumlarini Yevropada eng ochiq tanqid qilgan yetakchilardan biri deb atagan.
2. NATO
Tramp so‘nggi oylarda NATOni bir necha bor keskin tanqid qildi, uni “qog‘oz yo‘lbars” deb atadi va hatto AQShning alyansdan chiqishi ehtimolini ham tilga oldi. U buni Yevropadagi ittifoqchilar Vashingtonga Eron bilan bog‘liq harbiy kampaniyada yetarlicha yordam bermagani bilan izohladi.
3. Grenlandiya va Daniya
Trampning AQSh Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishi kerakligi haqidagi da’volari Daniya va Yevropa poytaxtlarida keskin reaksiya uyg‘otdi. U orolni haqoratomuz tarzda tilga oldi, bu esa bahsni yana kuchaytirdi. Fransiya, Britaniya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya va Daniya rahbarlari qo‘shma bayonot bilan Grenlandiya taqdiri uning xalqi tomonidan hal qilinishi kerakligini aytgan, Kanada va Niderlandiya ham bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlagan.
4. Rim papasi Lev XIV
Papa Lev XIV AQSh va Isroilning Eronga qarshi harakatlarini tanqid qilgach, Tramp unga ochiq hujumga o‘tdi. U papani “jinoyatchilik masalasida zaif” va “tashqi siyosat uchun yomon” deb atadi. Trampning so‘zlariga Italiya, Slovakiya, Ispaniya, Braziliya raxbariyati e’tiroz bildirdi. Bu Trampning Vatikan bilan birinchi to‘qnashuvi emas: 2016-yilda Papa Fransisk uning Meksika chegarasida devor qurish rejasini keskin tanqid qilgan, Tramp esa bunga javoban papaning bunday baho berishi “sharmandali” ekanini aytgan edi.
5. Jordja Meloni
Italiya bosh vaziri Jordja Meloni Trampning papa haqidagi so‘zlarini “maqbul emas” deb atadi. Bundan keyin Tramp uni ham ochiq tanqid qildi: u Meloni haqida “u men o‘ylagandek emas ekan”, “men uni jasoratli deb o‘ylagandim, adashgan ekanman” degan mazmunda gapirgan.
6. Kir Starmer va Buyuk Britaniya
Britaniya ham AQShning Erondagi harbiy harakatlariga to‘liq qo‘shilishdan tiyildi. Shu fon ortidan Tramp Starmerni tanqid qilib, uni Cherchillga qiyoslash mumkin emasligini aytdi va Britaniya bosh vazirining siyosatiga bir necha bor piching qildi. London esa Eron sivilizatsiyasini yo‘q qilish haqidagi ritorikani noto‘g‘ri deb baholadi.
7. Polsha
Tramp NATO a’zolarining Afg‘onistondagi hissasini kamsituvchi bayonotlar bergach, Polsha tomonidan ham e’tiroz yangradi. Varshava bu bilan o‘z harbiylari qurbonligi kamsitilayotganini ochiq bildirdi. Shu bilan birga, aynan Polsha ham Grenlandiya masalasida Daniyani qo‘llab-quvvatlagan davlatlar qatorida bo‘ldi.
8. Emmanuel Makron va Fransiya
Tramp Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni ham bir necha bor masxara qildi. U Makronning shaxsiy hayotiga ishora qilib, go‘yo uning xotini unga “juda yomon munosabatda bo‘ladi”, prezident esa go‘yo “jag‘iga tekkan zarbadan hali o‘ziga kelayotgani” haqida piching qildi. Bundan tashqari, u Fransiyaga nisbatan tarif bosimi haqida ham gapirib, Makronning ayrim pozitsiyalarini ochiq tanqid qildi.
9. Vladimir Zelenskiy
Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni “saylovsiz diktator” deb atadi va u tez harakat qilmasa, mamlakatidan ayrilishi mumkinligini aytdi. Keyin ikki rahbarning Oq uydagi uchrashuvi ham keskin tortishuvga aylandi.
10. Saudiya Arabistoni
Tramp Saudiya Arabistonining amaldagi rahbari hisoblangan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonga nisbatan ham haqoratomuz ibora ishlatdi. U 2026-yil mart oyi oxirida shahzoda haqida u avval Trampni zaif prezident deb o‘ylagani, endi esa unga “xushmuomala bo‘lishga majbur” ma’nosida gapirib, shahzodaga nisbatan dag‘al va haqoratomuz ibora qo‘lladi.
11. Kanada
Tramp AQShning eng yaqin qo‘shnisi va asosiy savdo sheriklaridan biri bo‘lgan Kanada bilan ham keskin ziddiyatga kirishdi. U Kanadaga qarshi tariflar joriy qildi va mamlakatni AQShning “51-shtati” sifatida tilga olishda davom etdi. Bunga javoban avval Bosh vazir Jastin Trudo Trampni Kanada iqtisodiyotiga zarba berishga urinayotganlikda aybladi, keyinroq Mark Karni esa Kanada “hech qachon sotilmaydi” deb ochiq aytdi.
Tramp faqat alohida yetakchilar yoki tashkilotlar bilan emas, davlatlar bilan ham ochiq qarama-qarshilikka kirishdi. Jumladan, AQShning Eronga qarshi harbiy amaliyoti BMT, qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Venesuelada Vashingtonning harakatlari Braziliya, Meksika, Xitoy, Rossiya, Ispaniya va BMT tomonidan keskin tanqid qilindi. Kubaga nisbatan esa Tramp bir necha bor harbiy bosim ritorikasini ishlatdi.
Savdo va tariflar ham Trampning asosiy bosim vositalaridan biriga aylandi. U Xitoyga qarshi yangi boj va cheklovlar joriy etdi, Hindistonga nisbatan ham tarif bosimini kuchaytirdi. Braziliya esa bunday tahdidlarga javoban o‘zaro choralar ko‘rilishi mumkinligini bildirdi.
Shu tariqa, Trampning ikkinchi muddati nafaqat raqiblar, balki AQShning an’anaviy sheriklari bilan ham muntazam mojarolar davriga aylandi.
Shantaj, xato, qashshoqlik ehtimoli — Yevropa rasmiylari Tramp “Grenlandiya” bojlariga fikrlari