TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Germaniyada nashr etilgan yangi tadqiqot kitobi “Shimoliy oqim” portlashini Yevropa uchun nafaqat siyosiy, balki ekologik va iqtisodiy halokat sifatida tasvirladi.
Wall Street Journal jurnalisti Boyan Panchevskiy muallifligida chiqqan “Shimoliy oqimning portlashi: Yevropani larzaga solgan qo‘poruvchilikning haqiqiy tarixi” kitobida aytilishicha, hodisa natijasida atmosferaga deyarli 500 ming tonna metan chiqib ketgan, Germaniya esa milliardlab dollarlik zarar ko‘rgan.
Muallifning ta’kidlashicha, zararlangan quvurlardan chiqqan gazning o‘ziyoq Germaniyadagi qariyb 2 million xonadonni bir yil davomida energiya bilan ta’minlashga yetarli bo‘lgan. Kitobda bu chiqindi insoniyat eng yirik metan chiqindilaridan biri sifatida baholanadi.
Panchevskiy yozishicha, portlash quvvati yirik atom elektr stansiyasining issiqlik quvvatiga teng bo‘lgan. Hodisa bir necha kilometr radiusdagi dengiz hayotiga ham jiddiy zarar yetkazgan, ajralib chiqqan gaz esa Boltiq dengizi yuzasining katta qismiga tarqalgan.
Muallifning bahosicha, voqea sodir bo‘lgan paytda gaz chiqishi tufayli Germaniyaning bevosita iqtisodiy zarari qariyb 2 milliard dollarga yetgan. Bu esa AQShga nisbatan ancha qimmat gazdan foydalangan Germaniya uchun ayniqsa og‘ir zarba bo‘lgan.
Kitobning eng shov-shuvli qismida esa muallif “Shimoliy oqimlar”ni portlatish rejasi haqida Ukraina rahbariyatining eng yuqori darajasi xabardor bo‘lganini yozadi. Uning ta’kidlashicha, Vladimir Zelenskiy nafaqat rejadan boxabar bo‘lgan, balki unga og‘zaki rozilik ham bergan bo‘lishi mumkin.
Panchevskiy versiyasiga ko‘ra, 2022-yil yozida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi tayyorlanayotgan diversiya haqida xabar topib, Kiyevdan rejadan voz kechishni talab qilgan. Muallif yozishicha, Zelenskiy Zalujniyga operatsiyani to‘xtatish haqida buyruq bergan, ammo bu topshiriq bajarilmagan.
Kitobda yana bir muhim da’vo bor: portlatish rejasi ikki sahifali hujjat ko‘rinishida mavjud bo‘lgan, ammo keyinchalik uning o‘zi va qo‘poruvchilikka oid boshqa hujjatlar ataylab yo‘q qilingan. Muallifning fikricha, bu buyruq zanjirini yashirish va operatsiyani avtonom guruh harakati sifatida ko‘rsatish uchun qilingan.
Shu bilan birga, Zelenskiy avvalroq “Shimoliy oqimlar” portlashiga aloqadorlik haqidagi barcha ayblovlarni rasman rad etgan edi.
Kitob Germaniya siyosiy maydonida ham aks-sado berdi. “Germaniya uchun muqobil” partiyasi hamraisi Alisa Vaydel va “Sara Vagenknext ittifoqi” rahbari Sara Vagenknext Kiyevni moliyaviy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirdi. Ular Ukraina Germaniyaning energetika infratuzilmasiga qarshi harakat qilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi da’volarga ishora qildi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Yevropaga eksport qilinadigan “Shimoliy oqim-1” va “Shimoliy oqim-2” gaz quvurlaridagi portlashlar 2022-yil 26-sentabrda sodir bo‘lgan. Germaniya, Daniya va Shvetsiya bu holatda qasddan qilingan qo‘poruvchilik ehtimolini istisno etmagan. Rossiya Bosh prokuraturasi esa xalqaro terrorizm moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.