Eron Qurolli Kuchlari Hormuz bo‘g‘ozi ustidan harbiy nazoratni tikladi

AQSh blokadasi davom etayotgani tufayli Eron Hormuz bo‘g‘ozi ustidan harbiy nazoratni qayta tikladi.
Sputnik
TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Eron qurolli kuchlari AQSh blokadasi tufayli Hormuz bo‘g‘ozi ustidan harbiy nazoratni tikladi, dedi Eron harbiy qo‘mondonligining Xatam al-Anbiya markaziy shtabi vakili Ibrohim Zulfag‘ariy.
Juma kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Livanda erishilgan sulhga javoban, 8-aprel kuni e’lon qilingan sulh tugaguniga qadar Hormuz bo‘g‘ozi barcha tijorat kemalari uchun to‘liq ochiq ekanligini e’lon qilgan edi.

Lekin AQSh prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozi ochilganiga qaramay, Tehron bilan kelishuv to‘liq amalga oshirilmagunga qadar, Eron dengiz portlarining blokadasi saqlanib qolishini aytdi.

"Eron Islom Respublikasi, avval tuzilgan kelishuvlarga muvofiq, bir qator savdo kemalari va neft tankerlarining Hormuz bo‘g‘ozi orqali boshqariladigan o‘tishiga ixtiyoriy ravishda rozilik berdi. Afsuski, Qo‘shma Shtatlar... talonchilik va dengiz qaroqchiligi bilan shug‘ullanishda davom etmoqda va buni blokada deb atamoqda. Shu sababli, Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat tiklandi va bu strategik bo‘g‘oz qurolli kuchlar boshqaruvi va ehtiyotkorlik bilan nazorati ostida", deyiladi Eron davlat teleradiokompaniyasi tomonidan keltirilgan bayonotda.

Zolfag‘ariy shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat Qo‘shma Shtatlar kemalarning Eron portlariga va undan erkin o‘tishiga ruxsat bermaguncha saqlanib qolishini aytdi.
40 kunlik urush

AQSh va Isroil 28-fevral kuni Eronga tajovuzkor hujum boshlaganidan so‘ng Eron rahbariyati Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopiq deb e’lon qilgan va faqat ayrim davlatlar kemalari undan o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi.

Harbiy harakatlar 40 kun davom etdi. Eron tomonidan 3000 mingga yaqin qurbonlar, ko‘plab vayronagarchiliklar sodir bo‘ldi. AQShning Yaqin Sharq hududidagi 13ta harbiy bazalari va Isroil harbiy va infratuzilma obyektlari Eron zarbasiga uchradi.

8 aprel kuni AQSh Eronning 10ta shartdan iborat tinchlik sulhini bulajak muzokaralar asosi sifatida qabul qilishini aytib ikki haftalik sulh e’lon qildi. Hafta oxirida Pokistonda AQSh va Eron delegatsiyalari orasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natija bermadi. AQSh Eronga qo‘shimcha talablar qo‘ydi, Eron esa ularni qabul qilmadi.

Shundan so‘ng 13-aprel kuni Tramp Hormuz bo‘g‘ozining tashqi tomonidan o‘z harbiy kemalarini joylashtirib, Eron portlariga kiradigan va chiqadigan barcha dengiz transportini blokirovka qilishni e’lon qildi.

Eron buni "urush harakati" deb baholashini aytib javob choralari ko‘rishga va’da berdi. Jumladan, Eron ittifoqchilari bo‘lgan Yamandagi xutiylar orqali Qizil dengizdan chiqadigan Bob al-Mandeb bo‘g‘ozini ham to‘sib qo‘yishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali dunyo nefti, neft mahsulotlari va suyultirilgan gaz ta’minotining taxminan 20-25% foizini o‘tadi. Undan tashqari qishloq xo‘jaligi uchun zarur o‘g‘itlar, mikroelektronika uchun zarur geliyning ham sezilarli qismi ushbu bo‘g‘ozdan o‘tadi.