TOShKENT, 17 apr — Sputnik. Toshkent shahrining har bir tumani iqtisodning ma’lum sohasiga ixtisoslashtiriladi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev huzurida poytaxt rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum bo‘ldi.
Bugungi kunda Toshkent shahri Respublika YaIMining 21 foizini ta’minlamoqda. 2026-yilda shahar iqtisodiyotini 12 foizga oshirish, eksportni 3,6 milliard dollarga yetkazish, 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 616 ming aholi bandligini ta’minlash maqsad qilingan.
Bugungi kunda Toshkent shahri Respublika YaIMining 21 foizini ta’minlamoqda. 2026-yilda shahar iqtisodiyotini 12 foizga oshirish, eksportni 3,6 milliard dollarga yetkazish, 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 616 ming aholi bandligini ta’minlash maqsad qilingan.
Shu munosabat bilan shahar hokimligi, uning 12 nafar o‘rinbosari va 12 ta tuman hokimlari sanoat, eksport, investitsiya va turizm sohalarida faol ishlar tashkil qilishi zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda joriy yil yangicha yondashuv asosida shaharning 12 ta tumani aniq bir sanoat yoki xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga ixtisoslashtirilishi qayd etildi.
Bektemir tumani kimyo sanoati va ulgurji savdoga,
Mirzo Ulug‘bek tumani kabel sanoati, ilm-fan, ta’lim va axborot texnologiyalariga,
Mirobod tumani oziq-ovqat sanoati, turizm va umumiy ovqatlanishga, Uchtepa zargarlik, maishiy xizmat va chakana savdoga,
Chilonzor — farmatsevtika, savdo, xizmat ko‘rsatish va sportga,
Shayxontohur — mebelsozlik va gastroturizmga,
Yunusobod — qog‘oz sanoati va turizmga,
Yashnobod — elektrotexnika hamda transport-logistikaga,
Yakkasaroy — yengil sanoat va moliyaviy xizmatlarga,
Yangihayot — avtomobilsozlik va logistikaga,
Olmazor — qurilish materiallari sanoati va ta’limga,
Sergeli esa metallurgiya, logistika va avtoservis sohalariga yo‘naltiriladi.
Toshkentda investitsiya va ishbilarmonlik maxsus muhit joriy qilish orqali yangi tajriba yaratilishi belgilandi. Jumladan, biznes uchun ruxsatnoma va litsenziyalar berish vakolatini tegishli vazirlik va idoralardan ularning hududiy bo‘linmalariga tushirish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi yondashuvlarini joriy etish, tadbirkorlarning logistika bilan bog‘liq muammolarini tezkor hal qilish tizimini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Umuman, barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, qo‘shimcha 88 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 4,9 milliard dollarlik eksportni ta’minlash va 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish, budjetga 2,9 trillion so‘m tushum ta’minlash, 65,5 mingta yuqori daromadli va doimiy ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha aniqlangan yangi zaxiralarni ishga solish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, joriy yilda Toshkent shahriga qo‘shimcha 500 million dollar jalb qilish maqsadida poytaxt yevrobondlarini chiqarish taklif qilindi.
Undan tashqari, poytaxt tadbirkorlarini Toshkent, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Buxoro va Farg‘ona viloyatlaridagi yirik sanoat korxonalari bilan bog‘lab, mahalliylashtirish va kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha dastur tasdiqlash topshirildi.
Kelgusida yirik xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda Toshkent shahri iqtisodiyotini chuqur tahlil qilish va rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.