Otangga rahmat! — Prezident Javohir Sindorovni g‘alaba bilan qutladi

Mana shunday o‘zbek o‘g‘lonini tarbiyalab, voyaga yetkazgan bobong va buvingga, ota-onanga, ustoz va murabbiylaringga o‘zimning minnatdorligimni bildiraman - Shavkat Mirziyoyev.
Sputnik
TOShKENT, 17 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorovni sharaflashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Marosimda Shavkat Mirziyoyev Javohir Sindorovni tarixiy zafar bilan samimiy qutladi.

Albatta, hech bir natija o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning zamirida uzoq yillik tinimsiz mehnat, bolalikdan orttirilgan tajriba, qat’iy iroda, temir intizom, va, albatta, ustoz va murabbiylarning sabog‘i, ota-ona, bobo va buvijonlarning duosi mujassam. Fursatdan foydalanib, mana shunday o‘zbek o‘g‘lonini tarbiyalab, voyaga yetkazgan bobong va buvingga, ota-onanga, ustoz va murabbiylaringga yana bir bor o‘zimning minnatdorchiligimni bildiraman, - dedi davlat rahbari.

Shavkata Mirziyoyev nagradil Javoxira Sindarova
Musobaqa davomida u dunyoning eng kuchli grossmeysterlariga qarshi yuksak mahorat va katta jasorat bilan kurash olib bordi, har bir bahsda qat’iyat, kuchli iroda va intellektual ustunligini namoyon etdi. Ayniqsa, bir marta ham mag‘lubiyatga uchramay, 14 ta partiyada 10 ochko to‘plagani, natijada ochkolar va g‘alabalar soni bo‘yicha rekordlar o‘rnatgani shaxmat olamida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisadir.
O‘z nutqida Shavkat Mirziyoyev Javohir Sindorovning ushbu bu yuksak yutug‘i mamlakatimizda sportga, jumladan, shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy samarasi ekanini ta’kidladi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda ana shunday g‘olib, mard va matonatli yoshlar kamol topayotgani barchamizga cheksiz faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Shu ma’noda, bugun FIDE reytingidagi eng kuchli besh shaxmatchidan ikki nafari o‘zbek o‘g‘loni ekani milliy shaxmat maktabimizning salohiyati va nufuzi tobora yuksalayotganidan dalolat beradi, - dedi davlat rahbari.
Shavkata Mirziyoyev nagradil Javoxira Sindarova
Tadbirda mamlakatimizda shaxmatni keng ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ushbu sport turini targ‘ib etish, navqiron avlod qalbida milliy g‘urur, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish borasidagi katta xizmatlari, shuningdek, Kiprda o‘tkazilgan FIDE Nomzodlar turnirida rekord natijalar ko‘rsatib, muddatidan oldin g‘oliblikni qo‘lga kiritgani uchun Javohir Sindorov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangani to‘g‘risidagi Prezident farmoni o‘qib eshittirildi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu yuksak mukofotni chempionga tantanali ravishda topshirdi.
Shavkata Mirziyoyev nagradil Javoxira Sindarova