Kiriyenko: O‘zbekistonning integratsiyalashgan AES tajribasini boshqa davlatlar ham o‘rganadi

Integratsiyalashgan stansiya loyihasi respublikaga qo‘shimcha energiya quvvati berish bilan birga yangi texnologiyalar va kadrlar tayyorlash bazasini ham yaratadi
Sputnik
TOShKENT, 16 apr — Sputnik. “Rosatom” ishtirokida O‘zbekistonda qurilayotgan integratsiyalashgan AES loyihasi atom energetikasiga qiziqish bildirgan boshqa davlatlar uchun ham tajriba maydoniga aylanishi mumkin.
Bu haqda Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur loyiha dunyoda o‘ziga xos bo‘lib, bir maydonda ikkita zamonaviy katta quvvatli blok va ikkita kichik quvvatli modulli reaktorni birlashtiradi.
“Bu uyg‘unlik, birinchidan, jadal rivojlanayotgan O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun zarur energiyani ta’minlab beradi, ikkinchidan, ilg‘or va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish imkonini beradi”, - dedi Kiriyenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, atom energetikasiga qiziqish bildirayotgan mamlakatlar O‘zbekistonga nafaqat atom stansiyasi qurilishi, balki ushbu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash tajribasini o‘rganish uchun ham kelishi mumkin.
Kiriyenko Toshkentdagi MIFI filiali faoliyatiga ham alohida to‘xtalib, uni loyiha boshlanishidan avval tashkil etish haqidagi qarorni “juda oqilona” deb atadi. Uning fikricha, bu yerda tahsil oladigan yoshlar jahon darajasidagi mutaxassislar bo‘lib yetishadi, chunki ular eng yaxshi nazariy bilim va amaliy tajribani egallash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ma’lumot uchun: “Rosatom” ma’lumotiga ko‘ra, integratsiyalashgan AES loyihasi tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli blok va har biri 55 MVtli RITM-200N reaktorli ikkita blok kiradi. Yanvar oyida kompaniya loyihaning navbatdagi bosqichi sifatida beton ishlarini 2026-yilning birinchi yarmida boshlash rejalashtirilayotganini bildirgan edi.

Mirziyoyev Rossiya prezidenti administratsiyasi vakili Sergey Kiriyenkoni qabul qildi