TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Yagona milliy baholash standartiga qo‘shimchalar kiritilib, “Madaniy boyliklar qiymatini baholash” milliy baholash standarti qabul qilindi. Tegishli idoraviy normativ-huquqiy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yangi standart madaniy boyliklar, jumladan tasviriy va amaliy san’at asarlarining qiymatini rasmiy aniqlash tartibini belgilaydi. Bu ularni sotish va sotib olish, garovga qo‘yish, sug‘urta qilish hamda boshqa fuqarolik munosabatlarida qo‘llash uchun huquqiy asos yaratadi.
Hujjatga ko‘ra, milliy, tarixiy, badiiy, ilmiy-ma’rifiy va boshqa madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘char boyliklar baholanadi. Bunda baholash qiyosiy, daromad va xarajat yondashuvlari asosida amalga oshiriladi.
Eng muhim shartlardan biri — baholanayotgan obyekt haqiqatan ham madaniy boylik ekanini tasdiqlovchi san’atshunos ekspert xulosasining mavjud bo‘lishidir. Ya’ni endilikda san’at asari yoki boshqa madaniy boylikka rasmiy qiymat berish uchun faqat bozor bahosi emas, uning madaniy maqomi ham ekspert xulosasi bilan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi.