TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionati III divizioni B guruhidagi ishtirokiga yirik g‘alaba bilan start berdi. Terma jamoa 13-aprel kuni o‘tgan ilk uchrashuvda Mo‘g‘ulistonni 26:1 hisobida mag‘lub etdi.
Turnir 13–19 aprel kunlari Gonkongda o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekiston bilan birga Mo‘g‘uliston, Filippin, KXDR, Lyuksemburg va mezbon Gonkong terma jamoalari qatnashmoqda.
IIHF taqvimiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasini endi yana to‘rtta uchrashuv kutib turibdi. Jamoa 14-aprel kuni Filippinga, 16-aprel kuni KXDRga, 17-aprel kuni Lyuksemburgga qarshi muzga tushadi. Guruhdagi so‘nggi bahs esa 19-aprel kuni mezbon Gonkongga qarshi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekistonning Filippin, KXDR va Lyuksemburgga qarshi o‘yinlari Gonkong vaqti bilan soat 13:00 da boshlanadi, bu Toshkent vaqti bilan 10:00 ga to‘g‘ri keladi. Gonkongga qarshi so‘nggi uchrashuv esa 19-aprel kuni soat 20:30 da, ya’ni Toshkent vaqti bilan 17:30 da start oladi.