TOShKENT, 13 apr — Sputnik. 2025 yil yakunlariga ko‘ra “Ochiqlik indeksi”da Toshkent shahar hokimligi eng past ko‘rsatkich qayd etgan idora bo‘ldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hududiy miqyosda Andijon viloyati ham “qizil” toifaga kiritilgan.
PF-154-son prezident farmoniga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligi 2022-yildan buyon har yili “Ochiqlik indeksi” asosida baholab kelinmoqda.
2025 yil yakunlari bo‘yicha baholashda 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy davlat hokimiyati organi qamrab olindi. Baholash 84 ta mezondan iborat 8 ta indikator asosida o‘tkazildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 66 ta davlat organi “yashil”, 22 tasi “sariq”, 9 tasi esa “qizil” samaradorlik ko‘rsatkichini qayd etdi.
Agentstvo po protivodeystviyu korrupsii
© Foto : Agentstvo po protivodeystviyu korrupsii
2022 yildagi ilk baholash natijalari bilan solishtirilganda, “yashil” toifadagilar 3,5 barobarga ko‘paygan, “sariq” toifadagilar 2 barobarga, “qizil” toifadagilar esa 3 barobarga kamaygan.
Ochiqlik bo‘yicha eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “O‘zbekgidroenergo” va “O‘zavtosanoat” AJlar, Transport nazorati inspeksiyasi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi tomonidan qayd etildi.
Respublika darajasidagi tashkilotlar orasida esa O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ eng past ko‘rsatkich qayd etdi.