Fisher davridan beri eng shov-shuvli sensatsiya: shaxmat afsonalari va nashrlar Sindarov haqida

Sputnik
TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Javohir Sindarov 2026-yilgi Nomzodlar turnirida 12 turdan keyin 9 ochko bilan peshqadam va yaqin raqiblaridan oldinda bormoqda. U hozircha 6 g‘alaba, 6 durang va 0 mag‘lubiyat qayd etgan.
Sindarov ushbu turnirda Andrey Yesipenko, Praggnanandxa (ikki marta), Fabiano Karuana, Vey I va Xikaru Nakamura kabi dunyoning eng kuchli shaxmatchilarini mag‘lub etdi. Duranglar esa Mattias Blyubaum (ikki marta), Anish Giri, Yesipenko, Karuana va Nakamuraga qarshi qayd etilgan.
Sindarov turnirning bosh favoriti deb qaralmoqda. Financial Times uni Kiprdagi Kandidatlar turniri g‘olibligi uchun asosiy favorit deb atadi. FIDE esa uni jahon toji uchun o‘ynashga “juda yaxshi pozitsiya”da turganini yozdi.

Zamonaviy shaxmatning tirik afsonasi Magnus Karlsenning bahosi ayniqsa e’tiborli. U Sindarovni “juda fundamental jihatdan mustahkam”, “har qanday pozitsiyani o‘ynay oladi” va “juda, juda iqtidorli” deb ta’riflagan.

Levon Aronyan esa Sindarov haqida gapirib, raqiblar go‘yo unga “o‘zi xohlaganini qilishga” imkon berib qo‘yayotgandek tuyulishini aytgan, uning taktik va psixologik bosimdan deyarli ta’sirlanmaydigan o‘yinchi ekanini ta’kidlagan.
Rossiya shaxmat federatsiyasi vitse-prezidenti Sergey Smagin RIA Novostiga bergan izohida Sindarovning ushbu turnirdagi muvaffaqiyatli ishtirokini Fisher davridan beri eng shov-shuvli sensatsiya sifatida baholadi.
Shuningdek, Sobiq jahon chempioni Anatoliy Karpovning aytishicha, so‘nggi yillarda Hindiston va O‘zbekistonda “kutilmagan iste’dodlar kurtaklari” paydo bo‘lgan va ular juda ko‘p.
Yirik nashrlar ham u haqda alohida yozmoqda. Reuters Sindarovning turnirdagi startlarini hayratlanarli deb atadi. The Wall Street Journal esa Sindarovni dunyoning eng kuchli grossmeysterlarini birin-ketin mag‘lub etayotgan 20 yoshli vunderkind sifatida tasvirlagan.
Qisqa shaxmat biografiyasi ham ta’sirli. Javohir Sindarov 2005-yilda Toshkentda tug‘ilgan, 2018-yilda grossmeyster bo‘lgan va FIDE profiliga ko‘ra hozirgi klassik reytingi 2745. U 2025-yilda Jahon kubogini yutib, ushbu musobaqa tarixidagi eng yosh chempionga aylangan. U O‘zbekistonning 2022-yilgi Shaxmat olimpiadasida oltin medal qo‘lga kiritgan terma jamoasi a’zolaridan biri.
Sindarov Giri bilan durang o‘ynadi va Nomzodlar turnirida peshqadamlikni saqlab qoldi