Shavkat Mirziyoyev Buxoroning yangi aeroporti loyihasi bilan tanishdi

Yangi aeroport shahardan tashqarida joylashgan bo‘lib, barcha turdagi samolyotlarni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga tashrifi davomida, barpo etilayotgan yangi aeroport loyihasi bilan tanishdi.
Loyihaga ko‘ra, yangi aeroportda uzunligi 3,3 kilometr bo‘lgan, barcha turdagi havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega uchish-qo‘nish yo‘lagi, shuningdek, soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega aerovokzal majmuasi quriladi.

Biz Buxoro viloyati aholisi, shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy va qulay xizmat ko‘rsatadigan aeroport barpo etishni maqsad qilganmiz. Shunday ekan, ushbu aeroport jahon standartlari talablariga to‘liq mos bo‘lishi shart, – dedi Prezidentimiz.

Buxoro yangi aeroporti hamda unga tutash infratuzilmani barpo etish uchun shahar tashqarisidan jami 370 gektar yer maydoni ajratilgan. Loyiha doirasida aeroportga olib boruvchi avtomobil yo‘li ham qurilmoqda. Uning umumiy uzunligi 23,8 kilometrni tashkil etib, shundan 2,7 kilometri mutlaqo yangi yo‘l, 21,1 kilometri esa rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, yo‘l bo‘yida 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 9 ta yer osti piyodalar o‘tish joyi va 8 ta ko‘prik barpo etilishi nazarda tutilgan.
Ma’lumot uchun, prezident 2024-yilda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida Buxoroning yangi xalqaro aeroportini barpo etish bo‘yicha muhim topshiriq bergan edi.