Toqayev amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi

Tashrif doirasida Buxoroda oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 10 apr – Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.
Tashrif doirasida Buxoroda oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Shu sabab prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga jo‘nab ketdi.
Ta’kidlanishicha, muzokaralarda O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Siyosiy muloqotni, parlamentlararo, hukumatlararo va hududlararo aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, yetakchilar tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport, energetika, suv va ekologiya sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalarini muhokama qilishadi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.
Birgalikda tarixiy obidalarni ziyorat qilish, sanoat korxonalari faoliyati va mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishish rejalashtirilgan.
Mirziyoyev Toqayevni Qozog‘istondagi referendum muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi