TOShKENT, 9 apr – Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi kengashi 2026-yil 30-iyungacha ayrim sabzavotlarni ittifoq mamlakatlariga bojsiz olib kirishga ruxsat berdi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Qarordan ko‘zlangan maqsad — ichki bozorda taklifni ko‘paytirish va narxlarni keskin qimmatlashuvdan saqlash. YeIK savdo vaziri Andrey Slepnev ham mavsumlar oralig‘ida mahalliy zaxiralar tugab, sabzavot narxlari odatda sezilarli o‘zgarishini aytdi.
Eng katta kvotalardan biri Rossiyaga berildi: u 6,6 ming tonnagacha baqlajon va 27 ming tonnagacha shirin qalampirni bojsiz import qilishi mumkin.
Belarus va Qirg‘izistonga ham shu mahsulotlar bo‘yicha imtiyozlar ajratildi: har ikkisi 200 tonnagacha baqlajon olib kirishi mumkin, qalampir uchun esa Belarus 5,2 ming tonnagacha, Qirg‘iziston 2 ming tonnagacha kvota oldi.
Imtiyozlar boshqa sabzavotlarni ham qamrab oldi.
Qozog‘istonga 100 ming tonnagacha kartoshka, 100 ming tonnagacha piyoz, 35 ming tonnagacha oq boshli karam va 30 ming tonnagacha sabzi bojsiz olib kirishga ruxsat berildi.
Armaniston 5 ming tonnagacha piyoz import qilishi mumkin.
Belarus uchun 600 tonna, Qirg‘iziston uchun 500 tonna gulkaram va brokkoli kvotasi belgilandi.
Qirg‘izistonga, shuningdek, 400 tonnagacha bodring va 2026-yil 31-maygacha 5 ming tonnagacha pomidorni bojsiz olib kirishga ruxsat etildi.
Imtiyoz faqat chakana savdoda sotish uchun mo‘ljallangan mahsulotlarga beriladi.