Amir Temur – Markaziy Osiyo, Janubiy va G‘arbiy Osiyo, shuningdek, Kavkaz, Volgabo‘yi va Rus tarixida muhim o‘rin egallagan turkiy hukmdor, sarkarda va istilochidir. U poytaxti Samarqand bo‘lgan Temuriylar saltanatining (1370 yil) asoschisi.
Uning otasi amir Muhammad Tarag‘ay turkiy barlos urug‘ining zodagonlar oilasiga mansub edi. U Movarounnahrda katta obro‘ga ega nufuzlilardan bo‘lgan. Ajdodlari afsonaviy turkiy Alan-quva shajarasidan kelib chiqqan bo‘lib, Chig‘atoy ulusining saroy elitasi qatoridan joy olgan, mulklari esa Kesh va Nefes atroflaridagi yerlar bo‘lgan.
Bo‘lajak hukmdor va sarkardaning bolalik hamda o‘smirlik yillari o‘zining tug‘ilgan shahri yaqinida o‘tgan. Temur yoshligidan musobaqalar, ov va harbiy o‘yinlarni yaxshi ko‘rardi. U nayza otish va kamondan o‘q uzishda mohir edi. O‘n yoshidan boshlab uning ustozlari — otasining saroyida xizmat qilgan otabeklar — ta’limiga yetarlicha e’tibor qaratmasdan, uni astoydil jangchi qilib tarbiyalaydi. Faqatgina Temurning tug‘ma zukkoligi va tirishqoqligi unga Qur’oni Karimni yod olish imkonini berdi.
Bolaligidanoq g‘ayrioddiy tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan Temur itoatkorligi bilan ajralib turmas, yoshligida kichik bosqinchilar to‘dasini tuzib, ko‘chmanchi qabilalarning qo‘y suruvlarini haydab ketar edi. Ammo, mamlakatni parchalayotgan doimiy ichki nizolar sababli yigit siyosat haqida jiddiy o‘ylay boshladi. Keyinchalik Temur o‘z guruhi bilan amakisi, Kesh hokimi Hoji Barlosning xizmatiga kirdi.
XIII asr oxiri – XIV asr boshlarida Movarounnahrning iqtisodiy ahvoli jiddiy xavotir uyg‘otadi. Mo‘g‘ul xoni Tug‘luq Temur bundan foydalanib, 1360-yilda Movarounnahrning katta qismini deyarli qarshiliksiz bosib olib, Qashqadaryogacha yetib boradi. Temur Tarag‘ay uning xizmatiga kirdi. Biroq xon mamlakatga o‘z o‘g‘lini hukmdor etib tayinlaganidan keyin, u bilan tuzilgan bitimni bekor qildi.
Temur bir muddat Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida yashab, mo‘g‘ullarga qarshi partizanlarcha kurash olib boradi. Shunday yurishlarning birida u qo‘li va oyog‘idan og‘ir yaralanib, umrbod oqsoq bo‘lib qoladi va bu unga Temurlang (Oqsoq Temur) laqabini beradi. O‘rta asr fors va turkiy manbalarida Temurni “Sohibqiron”, ya’ni ikki sayyora: Zuhro (Venera) va Mushtariy (Yupiter) yoxud Zuhro va Quyoshning yaqinlashuvi paytida tug‘ilgan, majoziy ma’noda esa baxtli, deb ham atashgan.
1370 yili Balxda bo‘lib o‘tgan Mo‘g‘ul imperiyasining umumiy qurultoyida jiddiy muvaffaqiyatlarga erishib, hukmdor deb e’lon qilinadi, lekin xonlik taxtining bevosita vorisi bo‘lmagani uchun taxtdan voz kechadi va o‘ziga dabdabali Amir unvonini oladi. U rasman toj kiymagan bo‘lsa-da, amalda endi Movarounnahrning yagona hukmdori edi.
Amir Temur Chingiziylar sulolasi vorisi Saroy Mulkxonimga uylanib, o‘z unvoniga sharafli “ko‘ragon”, ya’ni “xon kuyovi” rutbasini qo‘shib olishga muvaffaq bo‘ldi.
Amir Temurning asosiy vazifasi mamlakatdagi parchalangan davlatga barham berish va alohida bo‘lgan hududlarni yagona davlat ostida birlashtirish edi. U ushbu davlatning poytaxti etib Samarqandni tayinlaydi va bu yerda zudlik bilan shahar mudofaa devorlari, qo‘rg‘onlar va saroylarnibarpo etishni boshlaydi. U qadimgi So‘g‘diyona poytaxti (hozirgi Afrosiyob) xarobalari yaqinida yangi Samarqandga asos soldi.
Amir Temur Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi yerlarni, shuningdek, Farg‘ona va Shosh viloyatlarini o‘ziga bo‘ysundirib, birlashtiradi va istilochilik yurishlarini boshlaydi.
Amir Temur o‘ttiz besh yil (1370–1405) davomida hukmronlik qiladi. U Hind va Gangdan Sirdaryo va Zarafshongacha, Tan-Shandan Bosforgacha bo‘lgan ulkan imperiya yaratdi. Umrining ko‘p qismini yurishlarda o‘tkazdi.
Buyuk sarkarda 1405-yilning fevral oyida, Xitoyga harbiy yurishi chog‘ida O‘tror shahrida vafot etdi. Uning jasadini mo‘miyolab, qora kimxob bilan qoplangan tobutga solishadi va Samarqandga jo‘natishadi. U shu yerda, Go‘ri Amir oilaviy maqbarasida dafn etilgan.
Temur tangalari
Temurning ulkan mulklaridagi zarbxonalarda uch xil qiymatdagi kumush tangalar: tanga, yarim tanga (nimtanga) va chorak tanga (miri), shuningdek, mis tangalar — fuluslar (adliya, mis dinor, dangi va boshqalar) chiqarilgan.
Diplomatik aloqalar
Amir Temur o‘z hukmronligi davrida feodal tarqoqlikka barham berib, Yevropaning eng yirik qirolliklari — Fransiya, Angliya va Kastiliya bilan savdo-diplomatik aloqalarni o‘rnatdi. Afsuski, Sohibqiron vafotidan so‘ng u asos solgan G‘arbiy Yevropa bilan savdo-diplomatik munosabatlar rivojlanmay qoldi.
Qonunlar to‘plami
Amir Temur avlodlariga nafaqat ulkan saltanat, balki mamlakatni boshqarish bo‘yicha qo‘llanmani ham meros qilib qoldirdi. Dono hukmdor tomonidan yozilgan ushbu qimmatli tarixiy hujjat “Temur tuzuklari” deb nomlanadi. Asar ikki qismdan iborat: birinchisi avtobiografik bo‘lib, unda buyuk Amirning hayoti va faoliyati bayon etilgan, ikkinchisi esa qonunlar majmuasi bo‘lib, unda jamiyat a’zolarining xulq-atvor qoidalari, huquq va majburiyatlari aniq belgilab berilgan. Bu qonunlar davlatdagi oddiy fuqarolardan tortib amaldorlar va hukmdorlargacha – barcha uchun birdek amal qilgan.
Amir Temur ulkan saltanat yaratib, mamlakatning iqtisodiy va madaniy rivojlanishi uchun shart-sharoit tayyorlab berdi. O‘tmish davrlarning ko‘p asrlik an’analari yangi tarixiy sharoitda qayta tiklandi. Movarounnahr Yaqin va O‘rta Sharqning savdo, iqtisodiyot va madaniyat markaziga aylangan sari Chingizxon qo‘shinlari tomonidan butunlay vayron qilingan Samarqand, Kesh, Buxoro, Termiz, Toshkent, Marv kabi qadimiy shaharlar obod qilina boshladi.
Shaharsozlik va me’morchilik
Amir Temur o‘zining istilochilik yurishlari davomida mamlakatga nafaqat moddiy o‘ljalarni, balki taniqli olim, hunarmand, musavvir va me’morlarni ham olib kelgan. U shaharlarda ma’rifatli insonlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, mamlakat taraqqiyoti shunchalik tezlashadi, Movarounnahr va Turkiston shaharlari obod bo‘ladi, deb hisoblagan. O‘z yurishlari davomida Eron va Yaqin Sharqdagi siyosiy tarqoqlikka chek qo‘yib, tashrif buyurgan har bir shaharda o‘zidan yodgorlik qoldirishga intilgan, u yerda bir nechta muhtasham binolar qurdirgan. Masalan, Bag‘dod, Darband, Baylaqon kabi shaharlarni, yo‘l ustida vayron bo‘lgan qal’a, manzilgoh, ko‘prik va sug‘orish tizimlarini qayta tiklagan.
Amir Temur asosan o‘zining ona yurti Movarounnahrning gullab-yashnashi va poytaxti Samarqandning ulug‘vorligini oshirish haqida qayg‘urgan. U saltanatining shaharlarini, jumladan, poytaxt Samarqand, otasining vatani Kesh (Shahrisabz), Buxoro hamda chegara shahri Yassini (Turkiston) obod qilish uchun barcha zabt etilgan yurtlardan hunarmand, me’mor, zargar va quruvchilarni olib kelgan. Uning poytaxt Samarqandga bo‘lgan butun mehr-e’tibori quyidagi so‘zlarida o‘z ifodasini topgan: “Samarqand uzra hamisha moviy osmon va zarrin yulduzlar charaqlab turadi”. Faqat umrining so‘nggi yillaridagina u davlatning boshqa, asosan, chegara hududlari farovonligini oshirish choralarini ko‘rgan (1398 yilda Afg‘onistonda, 1401-yilda esa Kavkazortida yangi sug‘orish kanallari qazilgan va hokazo).
1371 yilda u vayron bo‘lgan Samarqand qal’asi, Shahristonning Olti darvozasi — Shayxzoda, Ohanin, Feruza, So‘zangaron, Korizgoh va Chorsu mudofaa devorlarini tiklashga kirishdi. Arkda esa ikki to‘rt qavatli bino qurildi: birida davlat xazinasi, ustaxonalar va zindon joylashgan Ko‘ksaroy, ikkinchisida esa amirning qarorgohi bo‘lgan Bo‘stonsaroy.
Sohibqiron Samarqandni Markaziy Osiyoning yirik savdo markazlaridan biriga aylantirdi.
Sayyoh Klavixoning yozishicha: “Samarqandda har yili Xitoy, Hindiston, Tatariston (Dashti Qipchoq) va boshqa yurtlardan, shuningdek, eng boy Samarqand saltanatining o‘zidan keltirilgan mollar sotiladi. Shaharda savdo qilish uchun maxsus qulay rastalar bo‘lmagani uchun Temur shahar bo‘ylab ikki tomonida savdo do‘konlari va rastalari joylashgan ko‘cha qurishni buyurdi”.
Amir Temur islom madaniyatining rivojiga va musulmonlar uchun muqaddas sanalgan joylarni obodonlashtirishga juda katta e’tibor qaratgan. U Shohizinda majmuasida o‘z qarindoshlarining qabrlari ustiga maqbaralar qurdirgan. Xotinlaridan biri Tuman oqo ko‘rsatmasi bilan u yerda masjid, xonaqoh, maqbara va chortoq bunyod etilgan. Shuningdek, u Ruhobod (Burhoniddin Sog‘arjiy maqbarasi), Qutbi chahordahum (Shayx Xoja Nuriddin Basir maqbarasi) va Go‘ri Amir (Temuriylar sulolasining oilaviy maqbarasi) kabi inshootlarni qurdirgan. Bundan tashqari, Samarqandda ko‘plab hammom, masjid, madrasa, xonaqoh va karvonsaroylar barpo ettirgan.
Temur buyrug‘i bilan qurilgan binolardagi bitiklar
Temur farmoni bilan bunyod etilgan binolar: masjid, maqbara va saroylardagi barcha bitiklar asosan arab va fors tillarida o‘yib yozilgan. Masalan, Oqsaroy devorlariga “Adolat – hukmdorlar shiori”, “ Taxt ezgu ish uchunmi yoki ezgu ish taxt uchunmi?” kabi hikmatlar bitilgan. Samarqanddagi Shohizinda maqbaralaridan birida esa shunday yozuv bor: “Hamjihatlikdan boshqa najot yo‘q, parokandalikdan boshqa halokat yo‘q.”.
Xotinlari va avlodlari
Uning 18 ta xotini bo‘lgan, ulardan biri Amir Husaynning singlisi O‘ljoy Turkon og‘a edi.
Unung suyukli xotini Qozonxonning qizi Saroy Mulkxonim bo‘lgan. Zamonaviy mutaxassislar Amir Temurning katta xotinining asl ismi Saroy Molikxonim deb hisoblaydi. Uning o‘z farzandlari bo‘lmagan, ammo Temurning ayrim o‘g‘illari va nabiralarini tarbiyalash unga ishonib topshirilgan edi. U ilm-fan va san’atning mashhur homiysi bo‘lgan. Uning amri bilan Samarqandda onasi uchun ulkan madrasa va maqbara bunyod etilgan.
1352 yilda Temur amir Joku barlosning qizi Turmush og‘aga uylanadi. Movarounnahr xoni Qozog‘on Temurning fazilatlariga ishonch hosil qilgach, 1355-yilda o‘z nabirasi O‘ljay Turkon og‘ani unga nikohlab beradi. Shu nikoh tufayli Temur bilan Qozog‘onning nabirasi amir Husayn orasida ittifoq o‘rnatiladi.
Bundan tashqari, Temurning boshqa xotinlari ham bo‘lgan: Oq So‘fi Qo‘ng‘irotning qizi Tug‘di biy, Sulduz qabilasidan Ulus og‘a, Navro‘z og‘a, Baxt Sulton og‘a, Burhon og‘a, Tavakkul xonim, Turmish og‘a, Jonibek og‘a, Cho‘lpon og‘a va boshqalar.
Temurning to‘rt o‘g‘li: Jahongir (1356–1376), Umarshayx (1356–1394), Mironshoh (1366–1408), Shohrux (1377–1447) hamda bir nechta qizi: Tog‘ayshoh (1359–1382), Sulton Baxt og‘a (1362–1430), Bigijon, Saodat Sulton va Musallo bo‘lgan.
Xotira
· Bugungi O‘zbekiston hududida o‘nlab geografikobyektlar, g‘orlar, aholi maskanlari saqlanib qolgan bo‘lib, xalq xotirasi ularning tarixini Temur nomi bilan bog‘laydi.
· Butun O‘zbekiston bo‘ylab shaharlarning markaziy ko‘cha va xiyobonlari Amir Temur nomi bilan atalgan.
· Temur gerbi Rossiya imperiyasi davrida (1868–1917) Samarqand viloyati gerbi tasviriga kiritilgan.
· “Amir Temur xiyoboni” hozirgi nomini 1994-yilda olgan.
· Amir Temur haykali Toshkentdagi “Amir Temur xiyoboni”ga o‘rnatilgan bo‘lib, u haykaltarosh I. Jabborov tomonidan ishlangan bronza otliq haykaldir.
· Yana bir yodgorlik Shahrisabzda, Amir Temur buyrug‘i bilan bunyod etilgan Oqsaroy xarobalari yaqiniga o‘rnatilgan.
· Samarqanddagi buyuk sarkarda haykali. Unda Sohibqiron taxtda o‘tirib, ikki qo‘li bilan qilichiga tayanib turgan holda tasvirlangan.
· 1996-yilda Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyi ochilgan.
· 1996-yilda O‘zbekistonda “Amir Temur” ordeni ta’sis etilgan.
1996 yilda O‘zbekistonda Sohibqironga bag‘ishlangan pochta bloki chiqarilgan.