TOShKENT, 8 apr — Sputnik. Ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida 24,4 mlrd so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil hamda 2026-yilning yanvar-fevral oylarida ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan jami 2057 ta murojaat kelib tushgan.
Qo‘mita tomonidan ushbu murojaatlarning 1529 tasi yoki 74,3 foizi ijobiy hal etilgan. Natijada qariyb 24,4 mlrd so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisoblangan.
Xususan, 2025-yil davomida 1700 tadan ortiq murojaat kelib tushgan. O‘rganishlar davomida eng ko‘p muammolar qurilish sifati va uylarni topshirish muddati bilan bog‘liq ekani aniqlangan.
Jumladan, 708 ta holatda quruvchi korxonalar tomonidan ko‘p qavatli uylarda qurilish ishlari sifatsiz bajarilgan. Yana 693 ta murojaatda uy-joylar shartnomada belgilangan muddatda topshirilmagani qayd etilgan.
Shuningdek, 278 ta holatda ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olingani, 27 ta murojaat esa qurilish bilan bog‘liq boshqa masalalarga taalluqli ekani ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilning yanvar-fevral oylarida esa ko‘p kvartirali xonadonlarni xarid qilish bo‘yicha 350 tadan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularda ham fuqarolar asosan shu kabi muammolarga duch kelganini bildirgan.