TOShKENT, 8 apr — Sputnik. Toshkent shahrining Yangihayot tumanida voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy saboq berilgan ikki holat aniqlandi.
DXX va IIV organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1992-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, hozirda poytaxtdagi nodavlat oliy ta’lim muassasasining 2-bosqich talabasi Yangihayot tumanidagi ijara xonadonlardan birida 9 nafar bolaga diniy saboq berib kelgani aniqlandi.
Ta’kidlanishicha, ushbu bolalar 2014–2021 yillarda tug‘ilgan bo‘lib, saboq ularga moddiy manfaat evaziga berilgan.
Tekshiruv davomida 49 dona turli diniy mazmundagi kitob, 24 dona diniy darslar yozilgan daftar hamda 1 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarga majburiy ravishda saboq berilgan, ayrim hollarda esa ularga tan jarohati yetkazilgan.
Shuningdek, bolalardan 6 nafari 2 oydan 8 oygacha umumta’lim maktabidagi darslarga qatnashmagan. Ular majburan uyda saqlangani va hatto ko‘chaga chiqishiga ham ruxsat berilmagani aytilmoqda.
Yangihayot tumanida kuzatilgan yana bir holatda esa mazkur talabaning nodavlat oliy ta’lim muassasasidagi o‘qituvchisi ham ijara xonadonda bolalarga noqonuniy tarzda diniy saboq berayotgani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, 1987-yilda tug‘ilgan ushbu shaxs va uning turmush o‘rtog‘i tomonidan 2009-2018 yillarda tug‘ilgan 5 nafar bolaga saboq berilgan. Ular orasida Tojikiston fuqarosining farzandi ham bor.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.