TOShKENT, 8 apr — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) hay’ati Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) hududidagi yevroosiyo transport yo‘laklari va yo‘nalishlarida harakatlanuvchi og‘ir vaznli yoki yirik gabaritli transport vositalari uchun maxsus ruxsatnoma berish tartibini uyg‘unlashtirish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ma’qulladi.
Gap, avvalo, xalqaro yuk tashuvlarida qo‘llanadigan maxsus ruxsatnomalar haqida ketmoqda. Yangi tavsiyalarga ko‘ra, YeOIIga a’zo davlatlarda bunday ruxsatnomalarni berish muddati, ariza shakli, unda ko‘rsatiladigan ma’lumotlar va ruxsatnoma beradigan vakolatli organlar bo‘yicha umumiy qoidalar joriy etilishi kerak.
Xususan, maxsus ruxsatnoma berish bo‘yicha quyidagi muddatlar tavsiya etilmoqda:
yo‘nalishni qo‘shimcha kelishish talab etilmasa — 24 ish soati;
yo‘nalishni alohida kelishish zarur bo‘lsa — 10 ish kuni;
favqulodda vaziyatlarda — 3 soat.
Shuningdek, maxsus ruxsatnomaning amal qilish muddati 135 kalendar kundan oshmasligi, ariza esa xalqaro tashuv boshlanishidan kamida 45 kun oldin topshirilishi tavsiya etildi.
YeIK energetika va infratuzilma vaziri Arzibek Kojoshevning ta’kidlashicha, ushbu tavsiyalarni amalga oshirish tashuvchilar uchun ruxsatnoma olish jarayonini soddalashtiradi, transport-logistika xarajatlarini kamaytiradi va YeOII ichki bozoridagi mavjud cheklovlardan birini bartaraf etishga yordam beradi